Davlat bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qarshi kurashish tezkor xodimi qamoqqa olinganini tasdiqladi
Davlat bojxona qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Samarqandda bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili qamoqqa olindi” mavzusida xabar yuzasidan bayonot berdi.
Xususan, 2018 yil yanvar oyida sobiq bojxona xodimi S.Sh.Z. Samarqand shahrida joylashgan “Temir Servis Plyus” MChJga qarashli TIR parkiga borib, u yerda respublika hududidan tranzit ravishda o‘tib ketishi kerak bo‘lgan va bojxona nazorati ostida turgan yuk avtotransport vositasini go‘yoki, tezkor tadbir o‘tkazish maqsadida olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani aynan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ichki tezkor tekshiruv harakatlari natijasida aniqlangan va mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.
O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi sobiq xodimi S.Sh.Z. o‘z xatti-harakatlari bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganligi uchun bojxona organlaridan bo‘shatilgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan sobiq bojxona xodimi S.Sh.Z.ning bojxona tizimidan bo‘shatilgandan keyingi harakatlari ustidan olib borilgan qo‘shimcha tezkor kuzatuv tadbirlar natijasiga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2019 yil 8 fevral kuni Jinoyat kodeksining 182 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va to‘plangan ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun DXX tergov boshqarmasiga yuborilgan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan 2019 yil 11 fevral kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirgi kunda fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 182 va 211-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilmoqda.