Bojxona xodimiga 10,5 ming dollar pora berishga uringan uyushgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

2020 yil 12 aprel kuni Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida qiymati 20 milliard so‘mdan oshiq bo‘lgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro D.U. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Termiz tumani hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasi yukxonasiga joylashtirilgan konteyner ichida qonuniy olib kirilganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 749 900 quti “GOLDEN SLUB” nomli sigaretlar borligi aniqlandi.

Mazkur tamaki mahsulotlarini chegara bojxona postidan sezdirmay olib o‘tish uchun haydovchi D.U. hujjatlarda yuk avtotransport vositasini go‘yoki bo‘sh holatda deb ko‘rsatish maqsadida mazkur postda xizmat olib borayotgan bojxona xodimlariga 10 500 AQSh dollarini pora sifatida taqdim etadi.

Bojxona posti xodimlari esa xizmat burchiga sodiq qolgan holda mazkur holat yuzasidan zudlik bilan tezkor tadbir ishtirokchilariga belgilangan tartibda ma’lum qilishdi.

Ushbu jinoiy rejani tuzishda ishtirok etgan va uni amalga oshirish maqsadida qulay fursatni kutib, Surxondaryo viloyatida yashirinib yurgan N.Z., N.A., A.A. va M.N. ismli jinoiy guruh a’zolari ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Shuningdek, bojxona xodimi bilan kelishuvga erishishda vositachilik qilgan fuqaro R.Ch. ham o‘zining yashash xonadonida ushlandi va vositachilik qilganligi evaziga haydovchi D.U. tomonidan berilgan 5 400 AQSh dollarini tezkor tadbir ishtirokchilariga taqdim qildi.

Achinarlisi shundaki, agarda ushbu jinoiy guruh a’zolarining rejalari amalga oshsa, davlat byudjetiga 11 milliard 349 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlari o‘tkazilmay qolishi mumkin edi. Ammo qing‘ir reja barbod bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan umumiy qiymati 20 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan jami 749 900 quti sigaret mahsulotlari va pora sifatida taqdim etilgan 10 500 AQSh dollari hamda fuqaro Ch.R. tomonidan taqdim etilgan 5 400 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olindi, deb xabar berdi Bojxona qumitasi matbuot xizmati.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborildi.