Samarqanddagi bojxonachilar nega 25 ta jinoyat ish qo‘zg‘atgan?

O‘z navbatida 4 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Viloyat bojxona boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilda 1 trillion 193 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga undirilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 1 trillion 700 milliard so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanilgan.

Pandemiya sharoitida viloyatda faoliyat yuritayotgan 101 nafar tadbirkorlik sub’yektlariga jami 252 milliard so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan.

Umuman, o‘tgan yilda “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish doirasida viloyatda 508 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 4 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Shuningdek, 10,2 milliard so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan. Qonunbuzarlarga nisbatan 25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.