Davlat ijtimoiy buyurtmasi ajratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi 2019 yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga davlat ijtimoiy buyurtmalarini taqdim etish uchun tanlov e’lon qiladi.

 Tanlov jadvalini ushbu havoladan ko‘rishingiz mumkin. 

Ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan loyihani amalga oshirishda davlat ijtimoiy buyurtmasining shartlari:

- ijrochi-tashkilot belgilangan tartibda NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi zarur;

- davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish doirasida amalga oshiradigan faoliyatning ijrochi-tashkilotning ustavidagi vazifalarga muvofiqligi;

- ijrochi-tashkilotda loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy, kadrlar va texnik imkoniyatning mavjudligi;

- ijrochi-tashkilotda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi tajribaning mavjudligi;

- loyihani amalga oshirish haqidagi shartnomani sifatli va o‘z vaqtida bajarish, uni amalga oshirish vaqtida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, amaldagi qonun hujjatalariga to‘liq rioya etish.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi berilishi uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:

I Ariza taqdim etayotgan NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutining rahbari imzosi va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;

II www.fundngo.uz saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi uchun ariza;

III Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;

IV Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;

V Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

Hujjatlar 2019 yil 28 martdan 30 aprelgacha qabul qilinadi. Taqdim etilgan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va natijalari e’lon qilinadi.

Hujjatlar «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi» nomiga «O‘zbekiston pochtasi» orqali muhrlangan konvertda (A4 format) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin. 

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.

 

O‘zA