Davlat organlariga yil oxiriga qadar bino va inshootlarni ta’mirlash taqiqlandi

Bu haqda “Byudjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilab qo‘yildi.

Kecha, 15 aprel kuni e’lon qilingan mazkur hujjatda davlat organlariga joriy yil yakunigacha ortiqcha xarajat qilish taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi (maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno).

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko‘rilmaydi.

Shuningdek, 2022 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalaridan Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratmalar qilish to‘xtatiladi.

2022 yil aprel-dekabr oylarida davlat organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning hamda jamg‘armadagi bo‘sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning 15 foizi respublika byudjetiga o‘tkaziladi.

Avvalroq, davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqlangandi.