Davlat xizmatchisi nafaqat kasbiy, balki ma’naviy jihatdan ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak
Viloyat hokimi E.Turdimov 2022 yil 20 oktyabrda "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida" qaror qabul qildi.
Bugun viloyat hokimligida, shuningdek, shahar va tumanlar hokimliklarida ushbu qaror mazmun-mohiyatini hokimlik mas’ul xodimlari va davlat fuqarolik xizmatchilariga yetkazishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
- Shu yil 14 oktyabrda Vazirlar Mahkamasi "Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari"ni tasdiqladi, - dedi viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev. - Unga ko‘ra, davlat xizmatchisi halol, kamtar bo‘lishi, jamoatchilik tanqidiga yo‘liqmasligi, tanqidga uchraganda esa ta’qib qilmasligi, birovning manfaatini ko‘zlab sovg‘a, foyda va mukofot olmasligi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarda so‘kinmasligi, davlat idoralari va mansabdor shaxslarni g‘iybat qilmasligi, islohotlarga ishonchsizlik uyg‘otadigan materiallarni joylashtirmasligi lozim.
Rahbarlar esa mahalliychilikka, urug‘-aymoqchilikka, tanish-bilishchilikka, guruhbozlikka yo‘l qo‘ymasligi, faqat o‘ziga "sadoqatli" kadrlarni o‘stirish bilan shug‘ullanmasligi, favoritizmdan tiyilishi lozim.
Shuningdek, yig‘ilishda davlat xizmatchisi nafaqat kasbiy, balki ma’naviy jihatdan ham boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘lishi kerakligi, ayniqsa, uning odob-axloqi, o‘zini tutishi, oddiy aholi vakillari bilan muloqot madaniyati jamoatchilik nazarida bo‘lishi ta’kidlandi.