“Olimpiya cho‘qqilari” orqali katta olimpiya sari: Sport korrupsiyadan xoli, shaffof bo‘lishi lozim
Mamlakatimiz rahbari “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” asarida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish dolzarb vazifalarimiz qatoriga kirishini qayd etib, sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni qo‘lab-quvvatlashga bundan buyon ham katta e’tibor berilishini qayd etgan.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda aholi turmush tarzini yanada yaxshilash, ta’lim, sog‘liqni saqlash borasidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholi va ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.
Viloyatimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda shahar va tumanlarda 21 ta (Samarqand, Urgut, Past Darg‘om va Payariq tumanlari hamda Samarqad shahrida ikkitadan va boshqa hudularda bittadan) sport maktabi, to‘rtta ixtisoslashtirilgan – suv sporti, yakka kurash, o‘yin turlari va yengil atletika hamda gimnastika sport maktablari hamda Samarqand, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tashkil etilgan o‘nlab sport inshootlari va maydonlarda sportsevar yoshlar o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Quvonarlisi shundaki, ushbu maktab va muassasalarning barchasi zamonaviy bino va inshootlarga ega, zarur sport jihozlari bilan ta’minlangan. O‘qituvchi va murabbiylar toifasi, malakasini oshirib borishi hamda ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xalqimizda “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor, ya’ni birgalashib qilingan harakat albatta o‘zining ijobiy samarasini beradi. Aholining keng qatlamini sportga jalb etish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish va targ‘ib etish borasida ko‘lami katta ishlar amalga oshirildi. Bunda mahalla tizimi orqali uyushmagan aholi qatlami va ayniqsa, yosh avlod vakillari qamrab olinishiga erishildi. Ammo tashkil etilgan ushbu musobaqalar orqali, birinchidan, qamrov darajasi kutilganidek bo‘lmadi va ikkinchidan, qatnashchilarni professional darajaga olib chiqishga erishilmadi.
Keyingi yillarda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, mamlakatimiz sportini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida juda katta qadam tashlandi.
2022 yil 9 noyabr kuni davlatimiz rahbari Toshkent shahri Yashnobod tumanida umumiy maydoni 100 gektar bo‘lgan “Olimpiya shaharchasi”ni qurishga tamal toshini qo‘ygan edi. O‘tgan vaqt mobayida bu yerda Xitoyning “ CAMC Engineering” kompaniyasi hamda mahalliy quruvchi-muhandislarimiz tomonidan xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy inshootlar – velodrom, 12 ming o‘rinli stadion, suv sporti saroyi, jamoaviy va yakka kurash maktablari bunyod etildi. Bundan tashqari, futbol, basketbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika sport turlari uchun mo‘ljallangan 15 ta ochiq maydon, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi va boshqa ma’muriy binolar barpo qilindi.
2025 yil 13 fevral kuni davlatimiz rahbari huzurida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda hamda joriy yil 15-16 aprel kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida mas’ul vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifa va topshiriqlar qo‘yilgan edi. Shundan kelib chiqib, olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish, seleksiya ishlarini yaxshilash, sport musobaqalarini tizimli va samarali tashkil etish orqali sportchilarni har to‘rt yillikning muhim voqeligi bo‘lgan xalqaro Olimpiada va Paralimpiada musobaqalariga munosib tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratildi.
Ushbu maqsad yo‘lida Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasining “Iqtidorli sportchi-yoshlarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab aniqlash hamda seleksiya qilish bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, olimpiya sport turlari bo‘yicha uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarini yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazishning nizomi ishlab chiqildi.
Qarorda olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatlari bosqichma-bosqich “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari shaklida o‘tkazib borilishi, mazkur sport musobaqalarining respublika final bosqichi har yili dekabr oyida Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkazilishi belgilandi.
Viloyatimizda ham mazkur musobaqaning birinchi va ikkinchi bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi. 2008-2010 yillarda tug‘ilgan yoshlar (15-17 yosh) o‘rtasida sportning boks, taekvondo WT, dzyudo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, yengil atletika, stol tennisi, og‘ir atletika, badiiy gimnastika va basketbol 3x3 turlari bo‘yicha sport musobaqalari hududiy bosqichlari o‘tkazilib, 15754 nafar yoshlar orasidan mahoratli 933 nafari saralab olindi. Saralangan sportchilar musobaqaning ikkinchi, ya’ni viloyat bosqichida bellashdi. Ushbu bosqichda g‘olib bo‘lgan 226 nafar sportchi 23 noyabr – 4 dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi”da o‘tkazilgan respublika final bosqichida qatnashdi. Ilk bor o‘tkazilgan va qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan bellashuvlarda vakillarimiz 31 ta medal (8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza)ni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa natijalari tahliliga ko‘ra, viloyatimiz sportchilari ko‘rsatgan natija (umumjamoa hisobida yettinchi o‘rin) mutlaqo qoniqarsizligi qayd etildi. Sport maktablari va markazlarda tahsil olayotgan va sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan yosh sportchilar bilan ishlash talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, ayrim rahbar va mas’ullar hamda murabbiylar musobaqalarni nomigagina tashkil etayotganligi, ota-onalardan turli to‘lovlar (vaholanki, sport to‘garaklari to‘lovlarsiz tashkil etilishi lozim) undirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa, pirovard natijada nafaqat u yoki bu musobaqalarda past natijalar ko‘rsatish, balki sport jamoatchiligi o‘rtasida norozilik uyg‘otmoqda.
Shu sababli mutasaddilar sport maktablari va muassasalarida yaratilayotgan shart-sharoitning qadriga yetib, ulardan unumli foydalanib, iqtidorli yoshlarni topishi, ularni tarbiyalash va musobaqalarga tayyorlashga alohida e’tibor qaratishi lozimligi ta’kidlandi.
2025 yil 8 iyulda davlatimiz rahbarining “2028 yil Los-Anjeles shahrida (AQSh) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Qarorda sportchilarning ijtimoiy-maishiy va moddiy ta’minotini tizimli ravishda yaxshilab borish choralarini ko‘rish topshirig‘i ham berilgan. Bugungi kunda viloyatimizda mazkur Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik olib borayotgan 61 nafar sportchi va ularning murabbiylari bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Ammo gap faqat Los-Anjeles Olimpiadasi haqida emas, balki yuqorida qayd etilgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” dasturi doirasidagi ishlarimizni ham tizimli va sifatli tashkil etishimiz lozim. Chunki yirik musobaqalarga yo‘l respublika miqiyosidagi ana shu bellashuvlardan boshlanadi. Bu ishlarga mas’ul bo‘lgan barcha toifadagi rahbar va murabbiylar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni ta’masiz, korrupsiyasiz tashkil etsalar, albatta, mamlakatimiz sportida Samarqandning o‘z munosib o‘rni bo‘ladi, terma jamoalarga viloyatimizdan ko‘plab mahoratli sportchilar qabul qilinishiga erishamiz.
Qayum SOBIROV,
Milliy olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘linmasi ijrochi direktori.