Davlat xizmatchisi tanlov asosida ishga olinishi kerak
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishga tushirilgan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali - https://vacancy.argos.uz/ orqali respublikamiz bo‘yicha 17 315 nafar fuqaro ochiq mustaqil tanlovlar asosida davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi. Samarqand viloyatidagi davlat boshqaruv organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari doirasida 5040 marta ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etilib,
42 902 nafardan ortiq talabgor nomzodlardan arizalar kelib tushgan.
Bu tanlovlarning 4 311 tasi bo‘yicha jarayonlar to‘liq yakunlangan va 1887 nafar fuqaro tanlov g‘olibi bo‘lib, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilingan. O‘tgan yilning boshida yagona ochiq portaliga Samarqand viloyati misolida 5-10 ta tashkilotlar ulangan bo‘lsa, joriy yilda 45 ta davlat boshqaruv organi va tashkilotlar, 17 ta mahalliy davlat hokimiyat organlari hamda 1148 ta umumta’lim maktabi ulangan.
Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.
Ushbu normani qo‘shimcha yanada mustahkamlash maqsadida 2021 yil 6 iyulda Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi qayd etildi.
Ammo davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlovlarsiz ishga qabul qilish yoki amaldagi qonun-qoidalarni chetlab o‘tish holatlari ham uchrab turibdi. Yuqorida qayd etilgan normalar ijrosi yuzasidan joylarda o‘tkazilgan monitoring natijalari ko‘plab davlat boshqaruv organlari va tashkilotlari tomonidan davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlovlarsiz ishga qabul qilish yoki amaldagi tartibga rioya qilmagan holda qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.
Filialimiz tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish holati, ochiq tanlov o‘tkazish tartibiga rioya etish va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan 2020 yilda 26 ta, 2021 yilda 45 ta va 2022 yil 20 fevral kuniga qadar 8 ta o‘rganish va monitoring o‘tkazildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2020 yilda 14 ta, 2021 yilda 17 ta va 2022 yil 20 fevral kuniga qadar 8 ta qonun hujjatlari buzilishi aniqlandi. Ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritilishi natijasida 24 ta buyruq bekor qilindi.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan ayrim idora va tashkilot rahbarlariga hamda mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sh.Azimov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori.