Davlat xizmatchisining kompetentligi nimada?

Davlat fuqarolik xizmatida davlat xizmatchilarining kasbiy kompetentligi o‘z faoliyatlarining barcha yo‘nalishlarida namoyon bo‘ladi.

Shu sababli, bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatida davlat xizmatchilarining kasbiy kompetentligini oshirishning mexanizmlarini shakllantirish lozim.

O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida “Kompetensiya” (lot. competo – erishayapman, munosibman, loyiqman) – 1) muayyan davlat organi (mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi) yoki mansabdor shaxsning qonun, ustav yoki boshqa hujjat bilan belgilangan vakolatlari, huquq va burchlari doirasi; 2) u yoki bu sohadagi bilimlar, tajriba” deya qayd etilgan.

Kompetentlik – shaxs­ning muayyan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligi bo‘yicha olgan bilim, malaka va ko‘nikmalari hamda shakllangan shaxsiy xislatlarini mehnat faoliyatida muvaffaqiyatli qo‘llay olish qobiliyatidir. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida kompetentlik davlat xizmatchilarining o‘z sohasidagi bilimi, malakasi, ko‘nikmasi va uning amaliyotga tatbiq etilishi hamda ularning “Halollik vaksinasi” bilan himoyalanganligiga chambarchas bog‘lanib ketadi.

Davlat fuqaroligi xizmatchisining kasbiy kompetentligi murakkab jarayonlarda noaniq vazifalarni bajarishda, bir-biriga zid ma’lumotlardan foydalanishda;

kutilmagan vaziyatda harakat rejasiga ega bo‘la olishda (masalan, bugungi kunda rahbarlar tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullardagi murojaatlar bilan ishlashda) yaqqol namoyon bo‘ladi.

Kasbiy kompetensiyaga ega davlat xizmatchisi nafaqat malaka oshirish kurslarida malakasini oshiradi, balki o‘z bilimlarini izchil boyitib boradi, yangi axborotlarni o‘zlashtiradi, davr talablarini chuqur anglaydi, yangi bilimlarni o‘zlashtirish uchun izlanadi, ularni qayta ishlaydi va o‘z amaliy faoliyatida samarali qo‘llaydi.

Agar rahbar kadrlar o‘z ustida muntazam ishlasa, tinmay o‘qib-o‘rganib, yangi bilimlar zaxirasini kashf qilsa, natija ham shunga muvofiq bo‘ladi.

Davlat fuqarolik xizmatida davlat xizmatchilari quyidagilarni uddalay olishlari lozim:

o‘z professional, nazariy va amaliy bilimlarini uzluksiz oshirib borishi, dunyoqarashi, bilim va tajribasini doimiy ravishda kengaytirishi, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga intilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda yangi axborotlarni olish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish;

faoliyatidagi vazifalarni bajarishda vijdonan yondashish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;

yuksak kasbiy malaka va ma’naviy-axloqiy fazilatlar, jumladan, halollik masalasi bosh mezon bo‘lib, intellektual salohiyatni rivojlantirish;

sog‘lom fikrlash va o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lish, fidoyilik, mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etish;

har tomonlama keng dunyo­qarashga ega favqulodda va keskin sharoitlarda o‘zi mustaqil ravishda nostandart qarorlar qabul qila olish;

aholi bilan muloqot qilish madaniyatiga ega bo‘lish, jamoat joylarida o‘zini munosib tutish, shaxsiy xulq-atvorini nazorat qilib borish;

ruhan va jismonan tetik, irodasini chiniqtirib borish, og‘ir damlarda sabr-bardoshli bo‘lish;

boshqalarni orqasidan ergashtira olish, qat’iyatlilik, boshlagan ishni oxiriga yetkaza olish, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildira olish;

o‘zining va xodimlarining salomatligi uchun qayg‘urish, qo‘l ostidagilarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni ruhlantira olish, namunali ish olib borayotganlarni rag‘batlantirish.

Bugungi kunda barcha tashkilotlarda KPI (key performance of indicators)  eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi tajriba sinov tariqasida joriy etilayotgan bir paytda, mahalliy boshqaruv sohasida rahbarlarning nafaqat malakasini oshirishni, malaka oshirishdan keyingi ko‘nikma va tajribalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, boshqaruv bilan bog‘liq kompetentligini kuchaytirish mexanizmini takomillashtirishni taqozo qiladi.

Behzod Rahmatullayev,

Samarqand viloyati hokimligi

tashkiliy-nazorat guruhi rahbari.