Davlat xizmatlari agentligiga savolim bor…

- Karantin sababli nikohni qayd etish uchun arizani onlayn topshirgandim. Endi qachon nikoh qayd etiladi?

- Nikohlanuvchilar FHDYo organiga nikoh qayd etilishidan bir oy ilgari nikohga kirish to‘g‘risida ariza beradi. Nikoh FHDYo organlarida ariza qabul qilinganidan so‘ng bir oy muddat o‘tgach qayd etiladi. Qonunchilikka muvofiq FHDYo organi quyidagi hollarda bir oy o‘tgunga qadar nikohni qayd etishi mumkin. Homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi.

- Shifokorlar taxminiga ko‘ra, iyun oyining 15 sanasida farzandli bo‘lamiz. Farg‘ona viloyatidan kelib, hozirda Samarqand shahrida turibmiz. Bola tug‘ilganidan keyin, suyunchi pulini olish uchun Farg‘onaga borishimiz shartmi?

- Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 maydagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida Davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash uchun fuqarolar eksterritorial tamoyili asosida istalga hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga yoki masofadan turib, www.my.gov.uz sayti orqali onlayn tarzida ariza berishlari mumkin. Ushbu turdagi davlat xizmatlari fuqarolarga bepul ko‘rsatiladi. 

- Uy-joy sharoitimizni yaxshilash uchun subsidiya olishga karantin sharoitida elektron ariza topshirgan edik. Mana bir oydan beri javob yo‘q. Nima qilishimiz mumkin?

- Ushbu turdagi arizalarni ko‘rib chiqib, komissiya xulosasini taqdim etish muddati 19 ish kuni etib belgilangan.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan www.my.gov.uz portali orqali yuborilgan arizalarni ko‘rib chiqishda vakolatli organlar tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish muddati buzilganda, ariza asossiz ravishda rad etilganda yoki boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganda fuqarolar agentlikning qisqa raqamli 1148 ishonch telefoni orqali dushanba kunidan juma kuniga qadar soat 09:00 dan 18:00 gacha murojaat qilishlari mumkin.

- MChJ ta’sischisiman. Karantin vaqtida savdo faoliyatida yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli jamiyat ta’sis fondini kamaytirmoqchiman. OAVda jamiyat ta’sis fondini kamaytirish to‘g‘risida e’lon berishim va uni DXMga taqdim etishim shartmi?

- “O‘zbekiston Respublikasi Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasida jamiyat o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran 30 kun ichida jamiyatning ustav fondi kamaytirilgani va uning yangi miqdori haqida jamiyatning o‘ziga ma’lum bo‘lgan barcha kreditorlarini yozma ravishda xabardor qilishi, shuningdek, qabul qilingan qaror to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabar e’lon qilinishi shartligi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, Jamiyat ustav fondini kamaytirish to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida berilgan xabarni Davlat xizmatlari markaziga taqdim etilishi ko‘rsatilmagan. 

 - Karantin davrida internet tarmog‘i orqali savdo qiluvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman. Bunda internet orqali davlat ro‘yxatidan o‘tish mumkinmi? Shuningdek, yana qanday xizmatlardan foydalansam bo‘ladi?

- Internet tarmog‘ining Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi ya’ni, fo.birdarcha.uz sayti orqali tadbirkorlik sub’yektini onlayn tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishingiz mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish bilan bir vaqtda tegishli organlarga murojaat qilmasdan, avtomatik ravishda quyidagi xizmatlardan foydalanishingiz mumkin:

* davlat soliq inspeksiyasiga bormagan holda soliq to‘lovchilarning identifikatsion raqami (STIR) ni olish;

*  Tadbirkorlik sub’yektini ushbu organda hisobga qo‘yish va soliq turini mustaqil tanlash;

*  firma nomini avtomatik tarzda zaxiraga olish;

* statistika organiga bormagan holda asosiy faoliyat turini tanlash va korxona umumdavlat tasniflagichi kodini olish;

* tijorat bankiga bormagan holda bank hisob-raqamini ochish va davlat bojini to‘lash;

*  tizimda mavjud bo‘lgan namunaviy ta’sis hujjatlaridan foydalanish.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.