Da’vogarning talabi nega o‘zgartirildi?

Oila kodeksining 73-moddasida ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligi, ota-ona farzandining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgarligi, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.

Oliy sud plenumining 1998 yil 11 sentyabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarning sudlar tomonidan to‘g‘ri hal etilishi ota-onalarning va bolalar huquqlarining muhofazasini, ota-onalarning bolalarini tarbiyalashdagi mas’uliyatlari oshirilishini ta’minlashga imkoniyat tug‘diradi, ota-onalarning bolalari manfaatlariga zid bo‘lgan huquqlaridan foydalanishlariga barham beradi, voyaga yetmaganlar qonunbuzarliklarining oldini olish choralaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

Plenum qarorida sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar o‘rtasida bo‘lgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori chiqarishi lozim. Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining o‘zi bolani unga olib berish uchun asos bo‘la oladigan shart hisoblanmasligini nazarda tutgan holda bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog‘lanib qolganligini, qaysi biri bolalariga nisbatan ko‘proq g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga ko‘ngil qo‘yganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ularning har biri bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining ma’lumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini e’tiborga oladi.

Sudda 10 yoshga to‘lgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham e’tibor olinadi. Jumladan, Paxtachi tumanidan O. ismli fuqaro javobgar qaynonasi L. ismli shaxsga nisbatan o‘z farzandini tarbiyasiga va qaramog‘iga olishlikni so‘rab, FIB Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga murojaat qilgan.

Da’vogar o‘z da’vo talabida turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganligini, turmush o‘rtog‘i bolasini o‘z onasiga, ya’ni yigitning qaynonasiga tashlab ketganligini, farzandini ota sifatida o‘z tarbiyasiga olishlikni so‘ragan. Lekin sud jarayonida, Paxtachi tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi vasiylik va homiylik organining hamda Paxtachi tumanidagi Reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuv markazining psixolog mutaxassislarining xulosasida bola otasi bilan 4-5 yillar davomida birga yashamaganligi, yigitning aliment qarzdorligi kattaligi, yigitning boshqa oilasi va farzandlari borligi, farzandi qiz bola ekanligi, ko‘proq buvisi bilan birga yashaganligi aniqlangan.

Natijada da’vogarning da’vo talabi o‘zgartirilib, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 44-moddasi ko‘ra bola bilan uchrashib turish haqida da’vo arizasiga almashtirildi. Sudning hal qiluv qarori bilan da’vogar O. farzandi bilan uchrashish va uning tarbiyasida ishtirok etish maqsadida har oyning birinchi va to‘rtinchi haftasining shanba kuni soat 13.00 dan yakshanba kuni 15.00 ga qadar onasiga qaytarish sharti bilan uchrashish belgilab berilgan.

K.Namozov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.