Deputat fikri: yo‘llarda tezlikni cheklovchi to‘siqlar qonunga mos va zamonaviy bo‘lishi kerak

Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan vakillik organlari, xususan, deputatlarga jamiyat hayotida faol bo‘lish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayni shu asosda viloyat hokimi ham xalq noiblari bilan fikrlashmoqda, ularning takliflarini inobatga olib, bildirayotgan fikrlarini e’tiborsiz qoldirmayapti. Buning natijasida biz, deputatlarga saylovchilar tomonidan turli masalalarda murojaatlar bo‘lyapti. Ya’ni, odamlar vakillik organiga o‘zlari saylangan nomzodga ishonyapti, qaysidir muammoga yechim topishiga umid qilyapti.

Shu ma’noda aytish mumkinki, doimiy komissiyamizga kelgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, maktab, bolalar bog‘chasi, oshxona va masjidlar oldidagi yo‘lda transport harakati tezligini cheklash maqsadida svetofor o‘rnatish bo‘yicha taklif, talab va arizalar ko‘paygan. Bu tabiiy holat.

O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, mahalla va guzar yo‘llariga ham svetofor o‘rnatish transport harakatiga xalaqit beradi. Chunki ayrim jamoat joylarida kunning muayyan vaqtidagina qatnov tig‘iz bo‘ladi, xolos. Ya’ni, bu ortiqcha xarajat va qo‘shimcha muammoga sabab bo‘lishi mumkin.

Muammoning yechimida viloyatimizda ham transport harakatini tartibga soluvchi xalqaro, ya’ni zamonaviy usullarini qo‘llash vaqti keldi, deb o‘ylaymiz. Negaki, yuqorida aytilgan jamoat joylari oldidan o‘tuvchi yo‘lga maxsus to‘siq qo‘yish kifoya.

Bunda bir narsani eslatib o‘tish lozim. “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, yo‘llardan foydalanuvchilar shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalaridan muttasil, yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish huquqiga ega.

Biroq hozirda ayrim joylarda harakatni cheklovchi to‘siq beton yoki asfaltning o‘zidan yasab qo‘yilyapti. Eng yomoni, uning balandligi hisobga olinmaydi. Aholi yoki yuridik shaxslar tomonidan qo‘yilayotgan bunday to‘siqlar yuqoridagi qonun normasining buzilishiga, ya’ni haydovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotir.

Yuqorida qayd etilgan qonunga ko‘ra, yo‘l tashkilotlari avtomobil yo‘llaridan transport vositalari muttasil va xavfsiz o‘tishini ta’minlashi shart. Shu sababli “Samarqand avtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mahalla va guzarlardagi jamoat joylari xaritasini, ular oldidagi yo‘lga o‘rnatiladigan to‘siq (bordyur)lar loyiha-smetasini ishlab chiqishi zarur, deb hisoblaymiz.

Bu yuzasidan “Samarqand avtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti rahbariga deputatlik so‘rovi yubordik. Endi gap bu so‘rovni o‘z vaqtida, qonun doirasida bajarilishida.

O‘ktam SAIDMURODOV,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.