Deputatlar aholi tomorqalarini o‘rgandi

Shu yil 14 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz ayni paytdagi murakkab vaziyatda har bir tomorqa yer egasi ekin maydonlaridan samarali foydalanishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Rost, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishda aholini o‘z tomorqalaridan maqsadli foydalanishga yo‘naltira olish katta ahamiyatga ega. Ayni kunlarda bu masalaga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratiloqda.

Jumladan, joylarda deputatlar o‘zlari saylangan hududlarda aholining tomorqalaridan foydalanish, ish bilan bandligi, kambag‘al va ehtiyojmand oilalar, koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin tartib-qoidalariga qay darajada amal qilinayotganligini o‘rganmoqda.

Masalan, xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman kengashi deputati Sh.Rashidov Charog‘on mahallasida mavjud aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda yerlarni ekishga tayyorlash holati, agrotexnik tadbirlarning amalga oshirilish holatini ko‘rdi.

Deputat mahallada istiqomat qiluvchi Usmon Turdiyev, Ro‘zimurod Hasanov, Laylo Isroilova, Ne’mat Jabborov kabi oilalar xonadonida bo‘lib, tomorqa holatini ko‘zdan kechirdi.

- Jami tomorqamiz 12 sotix, shundan ekin ekadigan maydon 4 sotixni tashkil qiladi, - deydi L.Isroilova. -  Bu yerga kartoshka, pomidor, piyoz, sarimsoq piyoz ekdik. Nasib bo‘lsa yerdan bir yilda ikki marta hosil olamiz.

***

Shuningdek, xalq deputatlari Bulung‘ur tuman kengashi deputati R.O‘roqboyev Nurli yo‘l mahallasida yashovchi 30 dan ziyod aholi tomorqasidagi ekin-tikin ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerliklarga Ilhom Berdiyorovning tomorqasining har qarich yeridan samarali foydalanib, ertagi kartoshka va piyoz ekkanligini namuna qilib ko‘rsatdi.

Deputatlar o‘rganish davomida aholiga karantin qoidalariga rioya qilish, hovlidan chiqmasdan tomorqadan unumli foydalanish, buning foydalari haqida tushuntirishdi.