Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputatlar nochor oilalarga ko‘mak, tomorqachilarga urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berdi

Samarqand viloyatida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasidagi ishlar jadal davom etmoqda. Deputatlar o‘z faoliyatlari davomida aholi o‘rtasida kambag‘allikni tugatish, boqimandalikni yo‘qotish, tomorqachilarga ko‘mak berish va yerdan unumli foydalanish yuzasidan keng targ‘ibot olib borishyapti.

Xususan, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sh.Jalolov o‘zi rahbarlik qilayotgan Samarqand tumanidagi “Agromir” qo‘shma korxonasi hisobidan Ohalik mahallasida yashovchi Kimyo Husenovaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi. Shuningdek, K.Husenova ishga layoqatliligi bois “Samarqand-parranda” qo‘shma korxonasiga ishga joylashtirildi va oilasi kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarildi.

Shu mahallada yashovchi Sirojiddin Safarovga ham korxona tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Uning turmush o‘rtog‘i Nazokat Sharopova “Ohalik-Lomann-parranda” qo‘shma korxonasiga ishga joylashtirildi. Maya Karyakinaga esa oziq-ovqat mahsulotlari berilib, uning nomiga yangi plastik karta ochildi va 1 million so‘m pul o‘tkazib berildi.

Deputatlarning aholi tomorqalaridan samarali foydalanish borasidagi ishlari ham e’tiborli. Bu borada Samarqand shahridagi 3-So‘zangaron saylov okrugidan viloyat Kengashi deputatligiga saylangan Aziz Ahrorov aholi tomorqalaridan samarali foydalanish ahvolini o‘rgandi. Tomorqa egalariga amaliy yordam berish maqsadida 10 dan ortiq mahalladagi 100 ga yaqin xonadonda bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida 20 dan ortiq xonadon egalari tomorqalarida ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan kartoshka, bodring, turli xil ko‘kat ekinlari ekilganligi oydinlashdi. Muloqotlar chog‘ida ayrim xonadon egalari sabzavot ekinlari, urug‘lari va ko‘chatlarini yetkazib berishda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaatdan kelib chiqib, deputat Davlatshoh Samarqandiy, Sarbon, Abdurahmon Jomiy, Bog‘i Feruza, Xo‘ja Abdu Darun va Sadriddin Ayniy nomli mahalla fuqarolar yig‘inidagi 20 ta xonadon egalariga 6 ming tup pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri, 30 kilogramm kartoshka, shuningdek,  bodring, sabzi, ukrop va kashnich urug‘lari yetkazib berdi.

- Tomorqamizga ishlov berib, ekin ekishga shay qilib qo‘ygan edik, biroq urug‘ va ko‘chat olishga imkoniyatimiz bo‘lmay turgan edi, – deydi Davlatshoh Samarqandiy mahallasida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Gadoyev. - Murojaatimizni inobatga olib bir kun ichida tomorqamizga ekish uchun 10 kilo kartoshka, 700 tup pomidor, 200 tup baqlajon, 200 tup bulg‘or qalampiri, bodring va ko‘kat urug‘larini yetkazib berdi.