Dezinfeksiya vositalari yaratuvchisining fojiali taqdiri
So‘nggi bir necha oy ichida qo‘llarimizni dezinfeksiyalash muhimligi to‘g‘risida ko‘p marotaba eshitib kelyapmiz. Xo‘sh, dezinfeksiya qanday paydo bo‘ldi o‘zi? Biz uni kim ixtiro qilganini bilamizmi?
Ignats Filipp Semmelveys – aynan ushbu vengriyalik akusher aseptika (infeksiyadan saqlash uchun qo‘llaniladigan usul va choralar) asoschisi hisoblanadi. Uning fojiali taqdiri Gollivud filmiga ssenariy sifatida xizmat qilishi mumkin.
Filipp Semmelveys 1818 yilda Vengriyaning o‘sha paytdagi poytaxti Buda shahrida germaniyalik muhojir yahudiy oilasida dunyoga keldi. Uning ota-onasi 8 nafar farzandini o‘qitish uchun yetarli pul ishlab topishardi. Filipp katolik boshlang‘ich maktabini tugatib, 1835 yilda Avstriya poytaxti Vena shahri universitetiga, huquqshunoslikni o‘rganish maqsadida jo‘nab ketadi.
Bo‘lajak professor huquqshunoslikka otasining maslahati bilan o‘qir, lekin bu fan uni hech qachon ilhomlantirmagan edi. 1838 yilda meditsina oliygohi talabasi hamrohligida anatomiya kursida qatnashganidan so‘ng, u Pesht shahri tibbiyot universitetiga o‘tdi.
1840 yilda Venaga qaytdi va to‘rt yildan so‘ng akusherlik magistri darajasini oldi. Jarrohlik amaliyotlari mashg‘ulotlarini Vena umumiy kasalxonasida o‘tkazardi va tez orada tug‘ruq bo‘limida shifokor yordamchisi etib tayinlandi.
Filipp ikki tug‘ruq bo‘limidan iborat shifoxonaning birinchisida ishlardi va o‘z bo‘limida ayollarda tug‘ruqdan keyingi isitmali qaltiroq, bolalarda esa sepsis holatlarini kuzatdi.
Semmelveys ayollardagi tug‘ruqdan keyingi isitma sabablarini o‘rganishni boshladi va ikkala bo‘lim o‘rtasidagi tafovutlarni kuzatdi. Vafot etgan ayollarning jasadini o‘rganib chiqdi va bo‘limlardagi o‘lim ko‘satkichlarini batafsil qayd etib bordi.
U ko‘chada yoki kasalxonadan kelayotib yo‘lda tuqqan, uning bo‘limiga kiritilmagan ayollar kamdan-kam hollarda tug‘ruqdan keyingi bezgak kasalligiga chalinganligini aniqladi.
Kasalxonadagi amaliyotini shubha ostiga qo‘yganligi sababli bosh shifokor Semmelveysning lavozimini pasaytirib qo‘ydi. Shunga ham qaramay, Filipp bezgak kasalligini o‘rganishda davom etdi.
Tez orada u o‘z bo‘limidagi o‘likxonada ham shug‘ullanayotgan talabalar ayollarga tekshiruvdan so‘ng qo‘llari orqali infeksiya (o‘limtik zahar)ni o‘tkazayotganligiga amin bo‘ldi.
Ikkinchi akusherlik bo‘limida ishlagan xodimlar o‘likxonada ishlamasdi. Shuning uchun ular o‘z bemorlariga bu zaharni o‘tkaza olmasdi.
1847 yilda Semmelveys o‘z bo‘limida xodimlar ayollarni tekshirishidan oldin qo‘llarini xlorid eritmasi bilan yuvish talab qiladigan qoida joriy etdi va bo‘limda tug‘ruqdan keyingi isitmadan o‘lim hollari darajasi 18 foizdan 2 foizgacha kamaydi.
1848 yilda Vengriyada bo‘lib o‘tgan revolyusiya sababli Semmelveys Venani tark etib, Peshtga qaytib keldi.
Peshtda professor qo‘llarni dezinfeksiyalashni ommalashtirishda davom etdi va 1851 yilda mahalliy shifoxonaning bosh shifokori etib tayinlandi. Ushbu kasalxonada o‘lim darajasi keskin pasaydi, professorning hasadgo‘ylari esa o‘z bilimlari va qarashlarini haqorat sifatida qabul qilishdi. O‘lar o‘lim yangi konditsioner tizimi tufayli tushib ketganiga ishonishardi.
1857 yilda professor Semmelveys badavlat savdogarning qizi Mariya Veynerxofferga uylandi va to‘rt yildan so‘ng u dezinfeksiya va o‘limning oldini olish bo‘yicha o‘z kitobini nashrdan chiqardi.
Kitob nashr etilganidan keyin professorning ruhiy holati yomonlasha boshladi. Tibbiy hamjamiyat uning kashfiyotini va dezinfeksiyalash bo‘yicha nazariyalari va kuzatishlari ustidan kulganligi sababli u qattiq tushkunlikdan aziyat chekardi. 1965 yilda xotini va hamkasblari Filippni firibgarlik yo‘li bilan Vena shahridagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdi.
Kasalxonadan qochishga urinib ko‘rgach, professorni qattiq kaltaklashib, unga tiydirish ko‘ylagini kiygizib qo‘yishdi. Ushbu voqeadan ikki hafta o‘tib, u 47 yoshida kaltakdan yetkazilgan jarohatdan, qonga o‘tgan zaharlanish sababli vafot etdi.
Professor Filipp Semmelveysning qat’iy e’tiqodi va cheksiz aqli insoniyatga o‘zining sog‘lig‘i va hayotini saqlashga yordam beradigan dezinfeksiya vositasini ixtiro qilib qoldirdi.
Qo‘lingizni yuving, dezinfeksiya vositalaridan foydalaning va o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga befarq bo‘lmang!
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.