"Dinamo" maydoni futbol uchrashuvlarini qabul qilish uchun tayyor ekani aytildi
PFL xabariga ko‘ra, «Dinamo» stadioni test tariqasida Superliganing 1 ta uchrashuvini qabul qiladi. Chim, uning ostidagi drenaj va sug‘orish tizimlari bilan bog‘liq muammo bartaraf etilgan bo‘lib, endilikda uni amalda sinab ko‘rish lozim.
Avvalroq "Dinamo" Superliga uchrashuvlaridan birini o‘tkazish taklifi bilan chiqqan bo‘lib, Liga o‘rganishlar xulosasi asosida qator kamchiliklarni aniqlagan hamda taklif rad etilgandi. Shundan keyin ayrim masalalarda ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mana shu jihatni inobatga olib, Superliga 12-turidan o‘rin olgan "Dinamo" — "Andijon" uchrashuvini Samarqand shahrida o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topildi.
20-21 iyun kunlari Liga mutaxassislari Samarqand shahrida bo‘ladi va stadionni to‘liq qayta ko‘zdan kechiradi. Maydonning qanchalik tayyor ekanligi va uning kelgusi parvarishi borasidagi rejalar "Andijon" jamoasi bilan o‘yindan keyin yana bir karra aniqlashtirib olinadi. Stadionning texnik hududi bilan bog‘liq qolgan masalalar yuzasidan esa Liga viloyat hokimligi hamda "Dinamo" futbol klubi o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv imzolaydi. Unda qayd etilgan masalalar joriy yilning 20 iyul sanasiga qadar bartaraf etilgan taqdirdagina "Dinamo" 2-davra bellashuvlarini to‘liq Samarqand shahrida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib, Superliga 12-turidan o‘rin olgan "Dinamo" — "Andijon" jamoalari uchrashuvi 22 iyun kuni test tariqasida Samarqand shahrida o‘tkaziladi. "Dinamo" stadioni bilan bog‘liq kelgusi rejalarga roppa-rosa bir oydan keyin aniqlik kiritiladi.