Diniy sektalar qanday qilib to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi?

Turli mintaqalardagi mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy barqarorligini izdan chiqarib, yaxlit xalqlarning milliy-diniy ahilligiga putur yetkazgan har xil siyosiy nayranglar, din niqobi ostidagi g‘arazli o‘yinlarning ayanchli oqibatlari bunga misoldir. Diniy sektalarning ham maqsadi xalqlarni ana shunday ma’naviy tanazzulga yetaklashdir.
Diniy sekta ma’lum bir dindagi aqidalarga zid ravishda ajralib chiqqan, mavjud dinlar va konfessiyalarga umuman aloqasi bo‘lmagan holda din bayrog‘i ostida faoliyat yuritadigan guruhlardir. Bunda ma’lum bir dinning aqidaviy ta’limotlariga zid yoki umuman yangi tushunchalar sekta a’zolarining ongiga majburan tiqishtiriladi. Shuningdek, sektalar destruktiv va totalitar ruhga ega bo‘lib, bu ongi zaharlangan insonlarning ko‘r-ko‘rona sekta ichki qoidalariga bo‘ysunishi, jamiyat va davlatga zarar yetkazishida namoyon bo‘ladi.

Sektalar faoliyatining bir qator belgilari bor. Misol uchun, sekta a’zolariga axborot olish manbalari chegaralanadi va tashqi olamdan uzib qo‘yiladi. Sekta rahnamolari o‘z a’zolarining diniy savodsizligini bilgan holda islom, xristianlik, buddaviylik va yahudiylik dinlarining muqaddas kitoblaridan iqtiboslar keltiradi. Hozirgi dinlar o‘z asliyatini yo‘qotganligi, dunyoga yangi ta’limot zarurligini aytadi.

Ayniqsa, ular oxirzamon haqida ko‘p suhbat quradi. Sababi, bu insonni ruhiy tushkunlikka tushirib, ruhiyatini ostin-ustun qilib yuboradi va ertangi kunga umidini so‘ndiradi. Mol-mulki va daromadini sekta ixtiyoriga topshirib, o‘zlari ko‘chada qoladi.
Shu nuqtai nazardan har bir inson doimo ogoh bo‘lib, diniy-ma’naviy merosimizga oid puxta bilimni egallashi lozim. Ayniqsa, yoshlar orasida muqaddas islom dini hadislari asosida ma’rifiy, tarbiyaviy suhbatlarni ko‘proq tashkil qilish ularni bu kabi illatlardan asrashda muhim omil bo‘ladi. 

K.ISAKOV.