Diplomatlar o‘zbekistonlik homilador ayolga Afrikadan vatanga qaytishga yordam berdi
"Russian Emirates" jurnalida "Diplomatlar o‘zbekistonlik homilador ayolga Afrikadan vatanga qaytishga yordam berdi" sarlavhali maqola chop etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Materialda O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida homilador vatandosh ayolning Afrikadan uyga qaytishiga qanday yordam berilgani haqida hikoya qilingan. Nashrning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi Olesya K. 2020 yil fevral oyida Ugandaga sayyohlik maqsadida borgan. Ammo u koronavirus tarqalishi munosabati bilan mart oyida cheklovlar joriy etilgani va xalqaro aviareyslarning bekor qilingani sababli ushbu mamlakatda qolib ketgan.
Ayol 21 iyun kuni O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga vatanga qaytishga yordam berishni so‘rab, murojaat qilgan. Ugandadan Toshkentga repatriatsiya reysini tashkil etishning iloji bo‘lmagan, Dubay ham sayyohlarni qabul qilmayotgan edi.
O‘zbekistonning Ugandada diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi sababli o‘zbekistonlik diplomatlar Rossiyaning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab, murojaat qilgan. Rossiyalik diplomatlar, o‘z navbatida, Rossiyaning Ugandadagi elchixonasi xodimlari bilan bog‘lanishga ko‘mak bergan.
Buning natijasida Olesya K. 18 iyul kuni Ugandadan Moskvaga tashkil qilingan charter reys yo‘lovchilari ro‘yxatiga kiritilgan. O‘z navbatida, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Olesyaga 20 iyul kuni Moskvadan Toshkentga charter reys bilan uchib ketishga ko‘maklashgan.
"Russian Emirates" nashri O‘zbekiston o‘z fuqarolarini BAAdan vatanga qaytarish dasturini amalga oshirishni davom ettirayotganini ma’lum qilgan. Xususan, 22 iyul holatiga ko‘ra, respublikaning 2,2 mingdan ortiq fuqarosi diplomatlar ko‘magi bilan vatanga qaytarilgan.