Donald Tramp, Vladimir Putin va yana bir qator davlat rahbarlari Shnobel mukofotiga loyiq ko‘rildi
Garvard universitetida an’anaviy, hazil tariqasida o‘tkaziladigan Shnobel mukofoti taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Shnobel mukofoti shubhali va samarasiz ilmiy yutuq va farazlar uchun beriladi. Bu haqda 18 sentyabr kuni Radio Sputnik xabar berdi.
Joriy yilda tibbiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mukofot AQSh prezidenti Donald Tramp, uning rossiyalik va belaruslik hamkasblari Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko va yana olti nafar mamlakat yetakchilariga taqdim etildi.
“Tibbiy ta’lim sohasida mukofot Braziliya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Meksika, Belarus, AQSh, Turkiya, Rossiya va Turkmaniston rahbarlariga, ular koronavirus pandemiyasidan foydalanib, siyosatchilar hayot va o‘limga shifokor va olimlardan ko‘proq ta’sir eta olishlariga dunyo ahlini o‘rgatmoqchi bo‘lganlari uchun taqdim etildi”, deb ta’kidladi mukofot asoschilaridan biri Mark Abraxams.
2020 yil g‘oliblari uchun mukofot sifatida giperinflyasiya tufayli muomaladan chiqarilgan 10 trillion Zimbabve dollari banknotasining bir-biriga yopishtirilgan kub shaklidagi nusxasi tanlandi.