Davlat mukofotlari va esdalik nishonlari topshirildi
Prezidentimizning shu yil 24, 25 va 26 avgust kunlaridagi turli soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonlari bilan Samarqanddan 55 kishi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlar hamda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, viloyat hokimligi faxriy yorliq va tashakkurnomalarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Vatan va yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyilarni yana bir bor yuksak mukofot bilan tabriklab, orden, medal va nishonlarni tantanali ravishda topshirdi.
Ular orasida davlatimiz rahbarining farmoniga asosan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan Eshbek Namuratov, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni sohibi No‘’mon Obloqulov, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan Shuhrat Negmatovlar bor.
– Halol mehnat qilgan odam aslo kam bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshbek Namuratov. – Kamtarona xizmatlarim davlat mukofotiga loyiq topilganidan cheksiz faxr hissini tuydim. Bu birgina menga emas, butun bulung‘urliklar, qolaversa xalq og‘zaki ijodiyoti, folklor, qadimiy milliy kuy-qo‘shiqlarni keng yoyishda xizmat qilayotgan ijodkorlarga berilgan munosib baho deb bilaman. Mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida bor ijodim, kuch-quvvatim bilan mehnat qilib, Prezidentimizning ushbu mukofotini oqlashga va’da beraman.
Shuningdek, tadbirda viloyat faollari, deputatlar, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, viloyat hokimligi faxriy yorliq va tashakkurnomalari ham topshirildi.