Samarqandlik 100 nafar ommaviy axborot vositalari vakillariga esdalik nishonlari topshirildi
Prezidentimizning shu yil 23 avgustdagi Farmoniga ko‘ra, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidagi 100 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ham ushbu esdalik nishon bilan taqdirlandi.
Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan tantanali marosimda ushbu mukofotni Prezident nomidan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov topshirdi.
– Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, jurnalist va blogerlarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining beqiyos hissasi bor, – dedi E.Turdimov. – Sizlarning davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, joylardagi real holat haqidagi chiqishlaringiz davlat organlari uchun e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masalalarni belgilab olish va muammolarga tezkor yechim topishga yordam bermoqda.
Marosimda jurnalist va blogerlar ham ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar.
– Bu e’tirof, e’tiborni kamtarona mehnatimizga berilgan yuksak baho, shu bilan birga ulkan mas’uliyat, deb bilamiz, – dedi mustaqil jurnalist Karimberdi To‘ramurod. – Bundan buyon ham o‘z so‘zimiz, qalamimiz bilan islohotlarning natijadorligini ta’minlashga, xalqimiz dilidagi gaplarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib, davlatimizning xalqparvar siyosatini amalga oshirishga hissa qo‘shamiz.