Dorixonalarda tibbiy niqob va antiseptik vositalar yetarlimi?

Samarqand shahridagi bir nechta dorixonalarda bo‘lib, aholi tomonidan eng ko‘p so‘ralayotgan va talab etilayotgan dori vositalari bilan qiziqdik.

Bo‘stonsaroy ko‘chasida joylashgan “Gamma Med” MChJga qarashli dorixonaga kirgan xaridorlar faqat tibbiy niqob va antiseptik vositalarni so‘ramoqda.

- Dorixonamizda hozir bir martalik tibbiy niqobimiz yo‘q, ammo kechqurun bo‘ladi, - deydi dorixona menejeri Aziz Boboyev. – Buyurtma berilgan. Hozirda dorixonamizda xaridorlar tomonidan so‘ralayotgan qo‘l uchun antiseptik gel, spirt, doka hamda antiseptik-op bor. Bu vositadan ham qo‘llarni dezinfeksiya qilishda foydalansa bo‘ladi. Hidi ham yo‘q.

Ushbu ko‘chada joylashgan “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli 40-ijtimoiy dorixonada “Baxtteks” ishlab chiqarish korxonasiga tegishli dokadan tikilgan tibbiyot niqobi sotilmoqda.

- To‘g‘ri ushbu tibbiyot niqobida yurish biroz noqulay, ammo bir martalik yuz niqobidan afzallik taraflari mavjud, - deydi dorixona rahbari Bahodir Jalilov. - Bir martalik niqoblar har uch soatda almashtirilishi kerak, dokadan tikilgan niqoblarni yuvish, dazmollab qayta ishlatsa bo‘ladi. Oxirgi marta bir martalik niqoblarni 1000 so‘mdan sotgan edik. Antiseptik vositalarimiz hozircha yo‘q. Grippga qarshi vositalarimiz ham hozircha yetarli. Odamlar vahimaga tushmasdan, yuz uchun niqoblarni sterillangan bintlardan, dokalardan tikib olsa bo‘ladi.

Samarqand shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi “Sinevo” dorixonasi sotuvchisi tibbiyot niqobi kecha tugaganini, bir soatlarda yana bo‘lishini aytdi.

Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “Farmasevt” MChJga qarashli dorixona sotuvchisining aytishicha, kechaning o‘zida 500 ta niqob sotilgan.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.