Dovchar qishlog‘idagi simyog‘ochlar avgust oyida ta’mirlanadi
Kecha, 16 yanvar kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida “Aholi eski simyog‘ochlardan aziyat chekmoqda, elektr tarmoqlari korxonasi esa murojaatga beparvo” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Unda Jomboy tumanidagi Nogahon mahallasining Dovchar qishlog‘ida yashovchi aholi simyog‘ochlarning eskirganidan shikoyat qilgan.
Shuningdek, 2017 yil uchun tasdiqlangan dasturga ko‘ra, hududga qo‘shimcha KTPs-100/10 kV TP o‘rnatish hamda 0,4 kV elektr uzatish tarmog‘ini rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lsa-da, ishlar chala bajarilgani aytilgan.
Holbuki, dasturda belgilangan transformator podstansiyasi o‘z vaqtida o‘rnatilib, ishga tushirilgan. Zarur hujjatlar qonun doirasida rasmiylashtirilgan.
Simyog‘ochlarning ma’nan eskirgani esa bor gap. Tumanda ushbu muammoni tizimli hal etish yuzasidan choralar ko‘rilyapti. Xususan, Dovchar qishlog‘idagi simyog‘ochlarni mukammal ta’mirlash 2021 yil avgust oyi rejasiga kiritilgan. Hududga temir-beton ustunlar o‘rnatish ham kelgusida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Mavzu yuzasidan tahririyat so‘roviga javob xati pochta xizmati orqali yuborilgan.
"Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ axborot xizmati