Bitta tumandan uchta murojaat: Urgutda elektr ta’minoti inshootlari «yetib kelgan» ko‘rinadi
Tumanning "G‘ijduvon" mahallasi Chapdara qishlog‘ida yashovchi aholi vakillari yuborgan murojaatda aytilishicha, mahalladan o‘tgan yuqori kuchlanishli simyog‘ochlar 1968 yilda o‘rnatilgan. Hozir ularning deyarli barchasi avariya holatida - bugun yo ertaga yiqilib tushadigan darajada. Past kuchlanishli simyog‘ochlarni esa simlar zo‘rg‘a ko‘tarib turganini suratlardan ham ko‘rish mumkin.
"Algar" mahallasidan kelgan murojaatda hududdagi 606-raqamli transformator ikki yildan beri yaroqsiz ekani aytilmoqda. "Transformator ta’miri uchun pul yig‘ishdan charchadik", demoqda algarliklar. Aholi mazkur murojaatda hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan transformatorni jiddiyroq ta’mirlab berishni so‘ramoqda.
Uchinchi murojaat - tumanning "Xo‘jabaland" mahallasidan. Bu yerdagi ahvol yanayam achinarli. Murojaatda yozilishicha, mahalla 2018 yilda "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan. Mahallani yarmiga elektr tarmog‘i tortilgan, qolgan yarmi (56 ta xonadon)ga tarmoq tortish ishlari chala qolgan. Bir necha murojaatlar e’tiborsiz qoldirilgan. 2019 yilda, sayyor qabulda fuqarolarning ko‘plab murojaatlaridan so‘ng mahalliy ETK 2020 yil qilib berishga va’da bergan. 2020 yilda esa 2021 yil ikkinchi yarim yillikda qilib berilishi ma’lum qilingan. Ammo va’da va’daligicha qolib ketgan.
«Aslida mana shunday ishni paysalga soladigan rahbarlarni shu muammoli hududlarga ko‘chirib olib borib qo‘yish kerak, shunda tezroq muammoni hal qilish ustida bosh qotirishadi...», deydi murojaat egalari.