“Samarqand shahar elektr tarmoqlari” korxonasining 36 nafar xodimi javobgarlikka tortildi, 6 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi
Joriy yilning shu davrigacha Samarqand shahrida elektr energiyasidan debitor qarzdorlik 93,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Bunda aholi “ulushi” - 79,9 mlrd. so‘m, ulgurji iste’molchilar - 13,1 mlrd. so‘m.
Debitor qarzdorlikning oshib ketishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan: “Elektrhisob” dasturiga haqiqatda mavjud bo‘lmagan iste’molchilarning kiritilganligi va ularga qarzdorlik hisoblab kelinayotganligi, hisoblagichlarga tashqi aralashuv yo‘li bilan yoki tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilayotganligi, eski rusumdagi 8 500 ta hisoblagichning mavjudligi va ularning ASKUE dasturiga ulanmaganligi hamda ushbu hisoblagichlar ko‘rsatkichlarining o‘z vaqtida dasturga kiritib borilmayotganligi, raqamlashgan zamonaviy hisoblagichlarning to‘liq aloqaga chiqmasligi va hisob-raqamida pul mablag‘lari mavjud bo‘lmasa-da, iste’molchilarga elektr energiyasi uzatilgan.
Bulardan tashqari, hisoblagichlarning “aloqada faol” emasligiga ularning antennasiga shikast yetkazilishi, elektr energiyasi uzilganida hisoblagich bilan aloqaning yo‘qolishi, transformator punktiga o‘rnatilgan konsentratorga shikast yetkazilishi yoki undagi uyali aloqaning uzib qo‘yilishi hamda hisoblagich qopqog‘ining ochilishi sabab bo‘lmoqda.
Samarqand shahrida shu yilning sentyabr oyida bu kabi kamchiligi va qarzdorligi mavjud bo‘lgan elektr energiyasi iste’molchilari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi, mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun shahar shtabi tarkibida 10 ta ishchi guruhi tuzilib, ularga mahalla xodimlari (beshlik), prokuratura, departament, IIB, DSI, MIB va boshqa idoralar hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali xodimlari jalb etildi. Ishchi guruhlari tomonidan iste’molchilarning qarzdorligi haqqoniyligi, “Elektrhisob” dasturidagi abonentlarning haqiqatda mavjudligi, ASKUE tizimida aloqada bo‘lmagan hisoblagichlarning sabablari o‘rganildi.
Kunlik so‘rov va nazorat o‘rnatilib, to‘plangan ma’lumotlar umumlashtirildi. Natijasi bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
“Samarqand shahar elektr tarmoqlari” korxonasining 26 nafar xodimi ma’muriy va 10 nafari intizomiy javobgarlikka tortilib, shundan 6 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. 13 556 iste’molchi ko‘rikdan o‘tkazildi, qarzdorligi mavjud bo‘lgan 1398 iste’molchilar tarmoqdan uzildi. “Aloqada faol” bo‘lmagan 9 113 iste’molchi aloqaga chiqarildi. 7,8 mlrd. so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgan 314 iste’molchining bank hisob-raqamlariga inkassa topshiriqnomasi qo‘yildi. 142 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi. 104 ta tashqi aralashuvlar bartaraf etilib, ular bo‘yicha dalolatnoma qilindi va bu holatlar bo‘yicha aybdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. 976 iste’molchiga yangi abonent hisob-raqamlari ochilib, ASKUE tizimiga kiritildi.
Eski rusumdagi hisoblagichlarni raqamlisiga almashtirish ishlari boshlanib, hozirga qadar 240 tasi o‘rnatildi va bu boradagi ishlar davom etyapti.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 25,5 mlrd. so‘m (aholi 1,1 mlrd. so‘m va ulgurji 24,4 mlrd. so‘m) debitor qarzdorlik kamayishiga erishildi. Egasi aniqlanmagan 25,7 mlrd. so‘mlik noreal qarzdorliklar bo‘yicha 2 ta, 975,7 mln. so‘mlik elektr energiyasidan tijorat maqsadida noqonuniy foydalangan 4 iste’molchiga nisbatan 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Iste’molchilardan 53,4 mlrd. so‘m (8 mlrd. so‘m aholi va 45,4 mlrd. so‘m ulgurji) pul mablag‘lari undirildi.
Amriddin Bahriddinov,
viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.
Fayoz Tursunov,
viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.