“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati Oliy sudga kassatsiya shikoyati berdi
2021 yil 16 fevral kuni zarnews.uz telegramm kanali va saytida «Samarqand elektr tarmoqlari korxonasidan tadbirkorlarga 400 million so‘mdan ko‘proq undirib beriladi» sarlavhali maqola berilgan edi.
Mazkur maqola yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, “Murodillo Bobo-N.A.M” fermer xo‘jaligi da’vo ariza bilan Samarqand shahar iqtisodiy sudiga murojaat qilib, fermer xo‘jaligiga qarashli issiqxona elektr korxonasi tomonidan asossiz ravishda 6 soat mobaynida elektr energiyasidan uzib qo‘yilganligi, buning oqibatida issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor va bodring ekinlari sovuqdan muzlab, nobud bo‘lganligini bayon qilgan. Shu sababli fermer xo‘jaligi foydasiga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatidan 832 million so‘m yetkazilgan zararni undirishni so‘ragan.
Samarqand shahar iqtisodiy sudi 2020 yil 16 dekabr kuni da’vogarning da’vo arizasini qisman qanoatlantirib, javobgardan 332 577 500 so‘m yetkazilgan moddiy zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan.
2021 yil 18 yanvar kuni “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga apellyasiya shikoyati kiritilgan. 2021 yil 5 fevral kuni ushbu ish apellyasiya instansiyasida qo‘rib chiqilib, sudning 2020 yil 16 dekabrdagi hal qiluv qarori o‘zgartirishsiz qoldirilgan.
“Kattaqo‘rg‘on Valijon parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, fermer xo‘jaligiga qarashli issiqxona elektr korxonasi tomonidan asossiz ravishda 6 soat mobaynida elektr energiyasidan uzib qo‘yilganligi oqibatida issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor va bodring ekinlari sovuqdan muzlab, nobud bo‘lganligi natijasida javobgardan 231 million so‘m yetkazilgan zararni undirishni so‘ragan.
Samarqand shahar iqtisodiy sudi 2020 yil 16 dekabr kuni da’vogarning da’vo arizasini qisman qanoatlantirib, javobgardan 88 million so‘m yetkazilgan moddiy zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan.
2021 yil 18 yanvar kuni “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga apellyasiya shikoyati qiritgan va 2021 yil 10 fevral kuni ushbu ish apellyasiya instansiyasida qo‘rib chiqilib, sudning 2020 yil 16 dekabrdagi hal qiluv qarori o‘zgartirishsiz qoldirilgan.
Hozirda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati sudning mazkur qarorlari ustidan Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilganini ma’lum qilamiz.
“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati.