“Elektroset” boshlig‘i iste’molchilardan uzr so‘radi
- Samarqand shahri, Qorasuv massividagi 7 ta ko‘p qavatli uyga qachon uzluksiz elektr energiyasi beriladi?
- Toyloq tumanidagi Tuyoqli, Payariq tumanidagi G‘oyibota hamda Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallalarida o‘rnatilgan yangi transformatorlar qachon tarmoqqa ulanadi?
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 13 dona 35-110 kV kuchlanishli transformator, 2941,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1174 dona 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator punktlari mukammal ta’mirlangan. 129 ta yuqori, 1911 ta past kuchlanishli transformator, 5799 kilometr masofadagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari joriy ta’mirdan chiqarilgan. Favqulodda avariyalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish uchun 36 ta tarmoq transformatori, 20,2 tonna transformator moyi, 75 ta temir-beton tayanch, 1 tonna sim, 5,9 kilometr kabel va 65 ta kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi. Shuningdek, 542 nafar mutaxassislardan iborat 84 ta ta’mirlash brigadalari, 10 ta maxsus texnika, 42 ta avtotransport va mexanizmlar tashkil etilgan.
- Avvalo, barcha iste’molchilardan elektr energiyasi tizimidagi kamchiliklar va oqsoqlanishlar uchun uzr so‘rayman, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali boshlig‘i Umid Nazarov. – Chunki, ko‘p hududlarda boshlagan ishlarni o‘z vaqtida yakuniga yetkaza olmayapmiz. Qayerdadir transformator, qayerdadir beton ustunlar o‘rnatish yoki tarmoqqa ulash ishlari turli sabablar bilan o‘z vaqtida bajarilmayapti. Joriy yilda dastur va rejalar asosida boshlangan ishlarning 377 tasi to‘xtab qoldi. Imkoniyatlarimizni chamalab yil yakunigacha barcha ishlarni oxiriga yetkazamiz.
Jumladan, Samarqand shahri Kimyogarlar qo‘rg‘onida 1,2 km 110 kVli elektr uzatish tarmog‘i qurilishi, Afrosiyob, Registon, G‘arbiy va Shimoliy podstansiyalaridagi rekonstruksiya ishlari joriy yilning 1 oktyabrigacha, katta yuklamada ishlayotgan Shohi Zinda podstansiyasida 4000 kVA transformator 1 noyabrga qadar yangilanadi.
- Aholi murojaatlarini ham o‘z vaqtida o‘rganib, imkoniyat boricha ijobiy hal qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz, - deydi U.Nazarov. - Jumladan, Qorasuv massivida joylashgan biroq, yuklama ko‘pligi tufayli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand tumani filialiga qarashli elektr tarmoqlariga ulangan 7 ta ko‘p qavatli uylardagi uzilishlar “Motrid” podstansiyasiga 6300 kVA kuch transformatori o‘rnatish orqali barham topadi. Hozirda bu borada ish olib boryapmiz, joriy yil yakunigacha barcha uylar uzluksiz elektr bilan ta’minlanadi. Shuningdek, Ishtixon, Qo‘shrabot va Oqdaryo tumanlarida joylashgan elektr podstansiyalarining kuchlanish quvvati ikki barobarga oshirilgan bo‘lsa, bu ishlar Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Payariq hamda Bulung‘ur kabi tumanlarda yil yakunigacha nihoyasiga yetkaziladi. Shuningdek, Toyloq tumanidagi Tuyoqli, Payariq tumanidagi G‘oyibota hamda Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallalarida o‘rnatilgan yangi transformatorlar ham bir hafta ichida tarmoqqa ulanadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga soha mutasaddilari javob berishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.