Zarafshonbot’ga murojaat: Va’da bajarilmadi, “stolba”larimiz hali ham va’dabozlarning mehriga mahtal

O‘tgan yilning 4 oktyabr sanasida Zarnews.uz saytida “Hechqursa, yaroqsizlarini almashtirish mumkinku?!” sarlavhasi bilan mahallamizda bundan 50 yil burun o‘rnatilgan, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirib berilishi so‘ralgan murojaatimiz e’lon qilingan edi.

Mazkur murojaat sayt yuzini ko‘rgan kunning ertasigayoq tuman hokimi o‘rinbosari Navro‘z Rahmonovning Zarnews.uz telegram kanali orqali “Bir oyga qolmasdan yaroqsiz yog‘och ustunlar bosqichma-bosqich beton ustunlarga almashtirilishi” va’da qilingan munosabati bildirildi.

Afsuski, tuman mutasaddisining ushbu va’dasi bajarilmay qolib ketdi. 1969 yilda tortilgan simyog‘ochlarimiz bugun yana qariyb bir yoshga qaridi va qaddi bukilgan chol kabi bujmayishda davom etmoqda. Agar kuchliroq shamol tursa, elektr energiyasi ta’minotida tez-tez uzilishlar sodir bo‘lyapti. Transformator atrofidagi simyog‘ochlar yomg‘irli kunlarda yonib ketyapti.

Nurobod tumani Tim qishlog‘i, Arabota mahallasi fuqarolari.