Maqoladan so‘ng: Novchandirda 10 dona temir ustun o‘rnatilmoqda, qolgan simyog‘ochlar yil oxirigacha almashtiriladi
“Zarnews.uz” saytida shu yil 19-may kuni “Novchandirning muammolariga qachon yechim topiladi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Unda Pastdarg‘om tumani, Novchandir mahallasidagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi, maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi yo‘qligi va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar haqida so‘z yuritilgan.
“Samarqand HETK” AJ holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda muammo yechimi uchun ishlar boshlangan.
“Tumanning Novchandir mahallasidagi xonadonlarga 2015-transformator punkti orqali elektr energiyasi ta’minoti yetkazib beriladi.
Haqiqatan ham mazkur transformator punktida xonadonlar soni ortishi hisobiga yuklamalar kuzatilmoqda. Elektr uzatish tarmog‘idagi ba’zi simyog‘ochlar esa eskirgan. Shu bois 2022-yilda tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan Novchandir mahallasida bir dona transformator punkti o‘rnatish hamda 1,5 km. uzunlikda 0,4 kVli elektr uzatish tarmog‘i tortish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan va bu ishlar joriy yilning so‘nggiga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda esa mahalla hududidagi avariya holatidagi simyog‘ochlarni almashtirish uchun 10 dona temir beton ustunlari olib borilib, o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi munosabatda.