Transformator va simyog‘ochlar bo‘yicha murojaatlari javobsiz qolayotgan fuqarolar: “Na murojaatlarimizni eshitishdi va na maqoladan so‘ng birov kelib o‘rgandi, Urgutda elektr mas’ullari nima ish qilishadi?”

Ehtimol, sizga Urgutning bir necha hududlaridan kelayotgan bu murojaatlar achchiqroq tuyular. Lekin bir necha qishloqdagi hal qilish mumkin bo‘lgan bu muammolarning yillar davomida, o‘nlab murojaatlardan so‘ng ham tugamayotgani har qanday iste’molchini ham g‘azabga solsa kerak.

Bundan sal kam bir oy oldin saytimizda “Bitta tumandan uchta murojaat: Urgutda elektr ta’minoti inshootlari «yetib kelgan» ko‘rinadi” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Aholining qayta qayta murojaatidan so‘ng, bildikki, tilga olingan qishloqlarga mas’ullar bu vaqt davomida qadam ham bosmagan.

Savol tug‘iladi, aholining qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolsa, yuzma-yuz murojaat ham naf keltirmasa, yozma murojaatlardan so‘ng ham muammo o‘zgarmasa, bu murojaatlar OAVlarda e’lon qilinganidan keyin ham birov o‘rganmasa, rostan ham fuqarolar nima qilishi kerak?

Misol uchun, maqolada Urgutning Chabdara qishlog‘idagi avariya holatiga kelib qolgan simyog‘ochlar haqda so‘z borgan. Bu holatni ko‘plab qishloqlardagi “charchagan” simyog‘ochlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki bu yerda yerga tegay deb qolgan simyog‘ochlar 1968 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, ayrimlari yuqori kuchlanishli. Bugun bo‘lmasa ertaga falokatga sabab bo‘lishi mumkin.

Xullas, ahvol xavotirli darajada. Lekin bu elektr ta’minoti xodimlarini tashvishga solgan emas. To‘g‘ri, biz bilan muloqotda viloyat elektr ta’minoti vakillari “bu holatdan tuman hokimligi ham xabardor va tez orada muammo hal etiladi”, deyishgan edi. Ammo bugun aholining qayta murojaatidan bildikki, bir oy o‘tib ham loaqal holat ko‘zdan kechirilmagan.

“Biz endi tumanning mas’ullariga ishonmaymiz. Murojaatimizga viloyatdagi tashkilotlar bir e’tibor berishidan umidvormiz,” deydi Chabdara qishloq oqsoqoli Muhammadi Rahmonov.

Xuddi shunday tumanning Algar mahallasidan ham qayta murojaat bo‘ldi. Bu hududdagi 606-raqamli transformator ikki yildan beri yaroqsiz ekani, algarliklar transformator ta’miri uchun pul yig‘ishdan charchagani, aytilgandi. Aholi tuman elektr tarmoqlaridan transformatorni jiddiyroq ta’mirlab berishni so‘ragan edi. Afsuski bu ham e’tiborsiz qolib ketgan ekan.

“Mana, kechagi shamolda yana transformatorimiz ishdan chiqdi, yana tuman elektr tarmoqlariga qo‘ng‘irog‘imiz natija bermadi, o‘zimiz ta’mirladik”, demoqda algarliklar.

Aftidan, tumanda elektr sohasida murojaatlarga munosabat shu tarzda davom etsa, boshqa qishloqlar ahli ham tez orada transformator sozlashni o‘rganib olishadi, faqat buning uchun maosh olishmaydi, xolos.

Va nihoyat Urgutdagi uchinchi murojaat. So‘nggi kunlarda "Xo‘jabaland" mahallasi vakillari qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yishganida "muammo hal bo‘libdimikin" deb xursand bo‘lgandik. Bugun bog‘lanib bildikki, adashgan ekanmiz. Maqolada keltirilgan qaysi muammoga Urgut tuman elektr tarmoqlari jiddiyroq qaraganki, bunisihal bo‘lsa?

"Xo‘jabaland" mahallasi 2018 yilda "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan. Mahallani yarmiga elektr tarmog‘i tortilgan, qolgan yarmi (56 ta xonadon)ga tarmoq tortish ishlari chala qolgan. Bir necha murojaatlar e’tiborsiz qoldirilgan. 2019 yilda, sayyor qabulda fuqarolarning ko‘plab murojaatlaridan so‘ng mahalliy ETK rahbari 2020 yil muammoni hal qilishga berishga va’da bergan. 2020 yil ham "bir pasda" kelib qolgach, 2021 yil ikkinchi yarim yillikda qilib berilishi ma’lum qilingan. Ammo va’da va’daligicha qolib ketgan. Qiziq, bir emas, o‘nlab xonadonlarni mana, bugun, mana, ertaga deb aldab kelgan soha mas’ullarining bu ishi qonunlarimiz nima derkan. Har holda nazorat organlari "mana, bugun, ana, ertaga deyishmasa kerak".

Ahvolning o‘zgarishi endi yuqoriroq tashkilotlar munosabatiga bog‘liq, nazarimizda.