DTM majburiy fanlar bo‘yicha test topshiriqlarining aprobatsiyasini o‘tkazadi
2019 yilning 30 oktyabr kuni Davlat test markazida barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test topshiriqlarining aprobatsiyasi (tekshiruv, sinov, muhokama) o‘tkaziladi.
Aprobatsiya jarayonida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar http://3fan.dtm.uz/ sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, aprobatsiyada ishtirok etishi mumkin.
Jarayonda ishtirok etuvchilar soni cheklangan bo‘lib, jami 600 ta ariza qabul qilish rejalashtirilgan. Ulardan 1-smena uchun ro‘yxatdan o‘tgan 300 nafar talabgorlar 30 oktyabr kuni soat 10:00 da, 2-smena uchun ro‘yxatdan o‘tgan 300 nafar talabgorlar soat 15:00 da aprobatsiyada ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan o‘tganda talabgorlarga aprobatsiyada ishtirok etish vaqti yozilgan ruxsatnoma taqdim etiladi.
Talabgorlar mazkur ruxsatnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjat - pasport bilan belgilangan vaqtdan 30 daqiqa oldin (1-smenada 09:30 gacha, 2-smenada 14:30 gacha) Toshkent shahridagi Davlat test markazi bosh binosiga kelishlari lozim.
Ro‘yxatdan o‘tish va aprobatsiya jarayonida ishtirok etish bepul.