Dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash qanday samara beradi?

Samarqandda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ GmbH)ning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’lim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash (TexVET)” loyihasi doirasida “Dual ta’lim O‘zbekiston kelajagini shakllantiradi” mavzusida xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan loyiha hamkorlari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda tashkil etilgan anjumanda vazirlik va idoralar, to‘qimachilik uyushmalari va kompaniyalari, mahalliy va xorijiy kasb-hunar ta’limi muassasalari vakillari, xalqaro loyihalar hamkorlari hamda ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda to‘qimachilik sohasiga qaratilgan va 2025 yil dekabr oyida yakunlanadigan to‘rt yillik TexVET I loyihasining yakuniy natijalari sarhisob qilinishi hamda ko‘plab sohalarni qamrab oladigan va 2026-2028 yillarda amalga oshiriladigan yangi TexVET II loyihasi yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.

Konferensiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Muratov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyiha rahbari Mattias Klinggenberg, viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev va boshqalar bugungi kunda mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash dunyo miqyosida keng qo‘llanilayotgani va bu yuqori samara berayotganini ta’kidladilar. O‘zbekistonda ham keyingi yillarda professional ta’lim muassasalarida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatishda bu tizimdan samarali foydalanilmoqda. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan loyiha ham bu borada muhim qadam bo‘lib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ta’lim sohasidagi maqsadlariga erishishga ko‘maklashishi qayd etilmoqda.

– O‘zbekistonda kasbiy ta’limga alohida e’tibor qaratilayotgani bugun xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda va shuning uchun ham bu borada xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov. – Jumladan, dual ta’lim bo‘yicha juda katta tajribaga ega Germaniya bilan hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu bizga ushbu davlatning tajribasini o‘rganib, o‘zimizning professional ta’lim tizimini bugungi davr talabiga mos tarzda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu orqali ta’lim sifati oshadi, ish beruvchilar bilan hamkorlik mustahkamlanib, zamonaviy kasblarni egallagan mutaxassislar tayyorlashga erishiladi.

Yalpi majlisda Germaniyaning BIBB – xalqaro kasb-hunar ta’limi bo‘limi rahbari Birgit Tomann xonim, Pekin Normal universiteti vakili Bai Bin o‘z davlatlaridagi kasbiy ta’lim tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’ruza qildilar. Shuningdek, mamlakatimizdan kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti direktori Zayniddin Xudoyberdiyev yurtimizda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalarga e’tibor qaratdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan institutimiz oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan va biz bu borada muayyan ishlarni amalga oshirishga erishdik, – deydi Zayniddin Xudoyberdiyev. – Jumladan, mingdan ortiq ekspertlar jalb etilgan holda 300 dan ziyod kasbiy ta’lim standartlari yangilandi. Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ilmiy izlanishlar olib borish, ta’lim tizimini raqamlashtirish, ish beruvchilar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘nalishida ham bir qator ishlar bajarildi. Ayni paytda yurtimizdagi 14 ta texnikumda Germaniya bilan hamkorlikda 8 kasb bo‘yicha kasb-hunar o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada Germaniyaning BIBB – xalqaro kasb-hunar ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ushbu kompaniyaning 30 yilgacha bo‘lgan strategiyasiga uyg‘un holda o‘zimizning dasturimizni ishlab chiqqanmiz. Bugungi kunda yurtimizdagi 430 ta kasbiy ta’lim muassasasida dual ta’lim yo‘lga qo‘yildi va 34 ming o‘quvchi ushbu tizim asosida kasb-hunar o‘rganmoqda. Mazkur tizimga 10 mingga yaqin korxona, tashkilotlar jalb qilindi, 141 kasb bo‘yicha dual ta’lim standartlari ishlab chiqildi.

Yalpi majlisdan so‘ng ishtirokchilar to‘rt seminar-treningda oliy ta’limda nazariya va amaliyot o‘rtasidagi farqni bartaraf etish, dual ta’limni joriy etish va uning o‘ziga xos xususiyatlari, mehnat migratsiyasida zamonaviy kasb-hunarlarni o‘qitish kabi mavzularda o‘zaro fikr almashdilar.

Konferensiya qatnashchilari “O‘zbekiston kasb-hunar ta’lim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash (TexVET)” loyihasi vazirliklar, ish beruvchilar va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, professional ta’limga tizimli yondashuvni yaratish uchun yangi me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish, dual ta’lim modelini keng joriy etishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladilar. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni loyihaning keyingi bosqichida yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.