Dunyo ahamiyatiga molik kashfiyot
Ushbu shohona saroy Kofirqal’a nomli arxeologik yodgorlikda joylashgan bo‘lib, turli yillarda yodgorlikning turli uchastkalarida stratigrafik xarakterdagi kichik qazishma ishlari amalga oshirilgan, 2001 yildan boshlab esa 16 gektarli qadimgi shaharning 76x76 metrlik Arki a’losi maydonida respublika Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar institutining arxeologlari keng qamrovli arxeologik qazishma ishlarini olib borishmoqda. Natijada qadimgi shaharning qal’a qismida (Arki a’losida) 2017 yilda monumental me’moriy majmua ochildi. Milodiy V-VI asrlarga tegishli majmuada Samarqand ixshidlarining (hukmdorlarining) davlat arxivi va yozgi saroyi joylashgan bo‘lib, yong‘in tufayli vayronaga uchragan arxivdan noyob davlat hujjatlari (davlat boshqaruviga oid xujjatlar, elchilik xatlari, davlatlararo shartnomalar va boshqalar) bulla deb atalgan taxtakachlarda sug‘diy yozuv namunalari topildi.
Saroyning yog‘och kalonnali (ustunli) ko‘rkam xonalaridan birida uch yarusli sufa, sufa ustida esa shersifat ko‘rinishidagi taxtiravonda hukmdor o‘tiribdi. Xonaning devorlari o‘yma yog‘och panno shaklidagi rasmlar galereyasi bilan bezatilgan.
Uning o‘lchamlari 124x141 sm., pannoning o‘zi ikkita keng doskadan iborat bo‘lib, ular temir tutqich bilan biriktirilgan. Old tomondan taxtalarda zardushtiy insonlar suratlari to‘rt qavatga joylashtirilgan. Kompozitsiyada jami 46 ta odam shakli tasvirlangan (ularning uchtasi shartli ko‘rinishda, yuqoridan chap qismidagi ikkita shakl arang ko‘rinadi, o‘ng tomondagi shaklning faqat qo‘li ko‘rinadi).
Kompozitsiyaning asosiy mavzusi — sher shaklida taxtda o‘tirgan bosh Ilohga sajda qilishdir.
Ehtimoldan uzoq emas, bu zardushtiylikning bosh ma’budasi buyuk xudo Nana bo‘lishi mumkin. Odamlar uning huzuriga turli xil sovg‘alar bilan kelganlar. Pastki qavatda musiqachilar galareyasi tasvirlangan. Undan keyingi pastki qavatda yana qo‘llarida turli xil sovg‘a-salomlar bilan kelgan ziyoratchilar suratlari tiz cho‘kkan holda aks ettirilgan.
Pastki qavat suratlar galereyasi markazida muqaddas olov ramzi — Altar joylashgan bo‘lib, muqaddas altarga bir tomondan og‘zi latta bilan bog‘langan erkak topinmoqda, ikkinchi tomondan esa ayolsifat figura altar oloviga hushbo‘y aramat o‘simlik kukunini sepmoqda.
Ushbu muqaddas shohona zal va zardushtiylik ma’budalarining eng ulug‘laridan biri, buyuk Nana surati yog‘ochga o‘yib ishlangan devoriy panno VIII asr boshlarida arablarning Qutaybo binni Muslim boshchiligidagi harbiy qo‘shini tomonidan yoqib yuborilgan.
Bunday ko‘p qirrali aniq suratlar kompozitsiyasi O‘rta Osiyo arxeologiya tarixida birinchi marta uchradi, bu dunyo ahamiyatiga molik noyob kashfiyotlar sirasiga kiradi.
Hozirda qazish ishlari davom etmoqda.