Dunyo voqealari qisqa satrlarda: "Netanyaxu davri" tugashi bashorat qilindi. Janubiy Koreyaning mashhur musiqachilari armiyaga otlandi. Belarusda boylik solig‘i joriy etildi

🔻 HAMAS qo‘shinlarini shay holatga keltirdi. Uzaytirilgan sulh bugun ertalab soat 7:00 da tugadi. Tomonlar yangi uzaytirish bo‘yicha kelisha olgani haqida xabar bo‘lmadi. Navbatdagi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar davom etar ekan, harbiy harakatlardagi operativ pauza davom etishi aytilmoqda.

🔻 Noqulay ob-havo tufayli Vnukovo, Domodedovo va Sheremetevoda kamida reyslar kechiktirilgan va 6 tasi bekor qilingan.

🔻 Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi maktab o‘quvchilariga dars vaqtida telefondan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Shunga o‘xshash qonun loyihasi hozir Rossiyada ko‘rib chiqilmoqda.

🔻 Qatarga rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer "Hamad" aeroportida kutib olinmadi. Diplomatlar uni olib ketishlari uchun prezident taxminan 30 daqiqa kutishiga to‘g‘ri kelgan.

🔻 Bayden Si Szinpinni taniqli xitoylik siyosatchi Deng Syaopin bilan chalkashtirib yubordi. Avvalroq Bayden AQShning sobiq prezidenti Donald Trampni adashib kongressmen deb atagan edi.

🔻 AQShning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer 100 yoshida vafot etdi. Amerikaning buyuk davlat arboblaridan biri - doktor Kissinjer aqlli va ayyor, munosabatlar o‘rnatishga usta bo‘lgan diplomatiyaning haqiqiy afsonasi edi. G.Kissinjer Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markazning faxriy a’zosi bo‘lgan va Markazning maxsus oltin medali bilan taqdirlangan.

🔻 Germaniya politsiyasi kelib chiqishi afg‘on bo‘lgan 15 yoshli o‘smir va 16 yoshli Rossiya fuqarosini Kyolnda terakt tayyorlaganlikda gumon qilib, hibsga oldi.

🔻 Fransiya mehnat, to‘liq bandlik va integratsiya vaziri Olive Dyuso qarindosh-urug‘chilik holati bo‘yicha, tender korrupsiyasida ayblanmoqda, u 10 oylik shartli qamoq va 15 ming yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

🔻 Ukraina aholisining prezident Vladimir Zelenskiyga ishonchi pasaygan. So‘rovlarga ko‘ra, noyabr oyi o‘rtalarida prezident Zelenskiyga bo‘lgan ishonch 32 foizga tushib ketgan, bu Zalujniyning (70 foiz) yarmini tashkil etadi. Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanovning reytingi ham prezidentdan yuqori (45 foiz).

🔻 Rossiya Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga a’zo davlatlarning 28-konferensiyasida bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Rossiya Kimyoviy Qurollarni taqiqlash tashkiloti kengashidagi o‘rnini yo‘qotgan. Litva, Polsha va Ukraina Sharqiy Yevropa guruhidan tashkilot Ijroiya kengashidagi o‘rinlarni olgan.

🔻 Belarusda progressiv soliqqa tortish tizimi joriy etildi. Endi "boylik solig‘i" taxminan 8-9 ming kishiga ta’sir qiladi. Shuningdek, yiliga 25 million rubldan ortiq foyda olishda daromad solig‘i stavkalarini 25 foizga oshirish niyatida. Hozirda bu soliq 20 foizni tashkil etadi.

🔻 Bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi hozirgi Isroil hukumati Yaqin Sharqdagi mojaro tugaganidan keyin o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bu fikrni Isroil tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Sipi Livni bildirdi. Hozirgi hukumat Isroilga xavfsizlikni ta’minlamagan, faqat "shiorlar va bo‘linish" bilan shug‘ullangan. "7 oktyabrdagi dahshatli voqealar barchamiz bir qayiqda ekanligimizni ko‘rsatdi: yahudiylar, druzlar, badaviylar, isroillik arablar. Bu kelajakda mustaqil Isroil davlati uchun yangi umumiy asos topish imkoniyatini berishi mumkin. Buning uchun biz falastinliklar bilan ikki davlat yechimi shaklida sulh tuzishimiz kerak", deya qo‘shimcha qildi Livni.

🔻 Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlarining Makedoniya poytaxti Skopedagi yig‘ilishiga keldi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yig‘ilishni Lavrov kelishidan oldin tark etgan.

🔻 Millionlab qizlarning sevimli musiqachilari armiyaga otlanmoqda. BTS key-pop guruhining qolgan to‘rt nafar a’zosi yil oxirigacha Janubiy Koreya armiyasida xizmat qila boshlaydi. Jamoaning yana uch nafar a’zosi allaqachon harbiy xizmatni o‘tamoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.