Dunyodagi eng noodatiy maktablar
Sir emas, turli mamlakatlarda ta’lim berish jarayoni turlicha. Ammo shunday maktablar ham borki, ulardagi noodatiy holatlar kishini hayratlantiradi. Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.
Kambojadagi suv ustidagi maktab
Bu maktab o‘zining noyob dasturi yoki ta’lim sifati bilan emas, balki joylashuvi bilan hayratlantiradi. Kambojadagi Tonlesap ko‘lida butun bir suzuvchi qishloq bor. Unda turar-joy binolari, do‘konlar va maktab mavjud. Bolalar maktabga faqat qayiqda kelishadi va hamma joyda bo‘lgani kabi, darslar ertalab soat 8 da boshlanadi.
Tashkilotchilarning bunday ish tutishining sababi boshqalardan ajralib turish uchun emas, balki noilojlikdan zarur chora sifatida paydo bo‘lgan. Negaki, mamlakat aholisining turmush darajasi juda past.
Devorsiz maktab, Daniya
Ushbu gimnaziya 2005 yilda ochilgan va o‘zining innovatsiyalari bilan mashhur. Bu yerda kitob yoki daftar yo‘q, jarayonlar texnologik ravishda yuritiladi. Shuningdek, u ichki tuzilishi bilan ham hayratlanarli. Sferasimon binoda devor yo‘q, uning o‘rniga shishadan qilingan parda devorlar bilan bo‘lingan deyarli bitta xona mavjud. Maktab o‘quvchilari yostiqlar ustida o‘tirishadi, hech kimning, hatto direktorning ham alohida kabineti yo‘q.
O‘qituvchilar boshqalarni bezovta qilmasdan, qiziqtirish, ma’lumot yetkazish va o‘qitish usullarini o‘ylab topishlari kerak. Xuddi shu talablar o‘quvchilar uchun ham qo‘llaniladi - ular doimo hammaning ko‘z o‘ngida, to‘liq shaffof holda. Ushbu noodatiy yechim ajoyib natijalar berdi.
Sarguzashtlar maktabi – Kolorado (AQSh)
Bu joy noodatiy ta’lim tizimi yondashuvi bilan hayratlanarli. Bu yerda "Zerikishga yo‘l yo‘q!” - deb qaror qilingan. Nazariya to‘xtatilib, faqat amaliy bilim va ko‘nikmalar qoldirilgan. Darslar ochiq havoda o‘tkaziladi; biologiya darsida qo‘ziqorin terish uchun o‘rmonga boriladi, geografiya darsi - tog‘larda sayr qilish kerakligini anglatadi, jismoniy tarbiya darsida zerikarli mashqlardan voz kechilgan va bolalar frisbi o‘ynaydi.
Intizomsiz maktab, Kanada
Bu muassasa intizomli odamlar uchun dahshatli tush va beparvolar uchun haqiqiy jannat! Maktabda dars jadvali, forma yoki uy vazifasi yo‘q.
Asosiy qoida – qoidalarning yo‘qligi!
Barcha masalalar umumiy yig‘ilishlarda hal qilinadi, unda har bir talaba o‘z taklifini berishi mumkin. Asosiysi, har qanday vaziyatda umumiy yechim topish. Bolalar bugun qaysi darslarga borishni o‘zlari hal qilishadi.
Hindistondagi ko‘prik ostidagi maktab
Maktabda ikkita o‘qituvchiga 200 nafarga yaqin o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Metro ko‘prigi ostida joylashgan “maktab” eshik va devorsiz. U aholining eng kambag‘al qatlami o‘z farzandlarini o‘qitishi uchun xayriya mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan. Har qanday e’tirozlar bo‘lmasligi uchun o‘qituvchilar faqat oziq-ovqat, kiyim-kechak, kitoblar va ish yuritish buyumlarini xayr-ehson sifatida qabul qilishadi.
Bu yer go‘yo hayotdan nolishni yaxshi ko‘radiganlar ko‘rib, bilishi uchun yaratilgandek. Afsuski, Hindistonda hali ham tabaqalar keng tarqalgan bo‘lib, ularning eng quyi qismidagi bolalar hayotdan umuman hech narsaga umid qilmasdan yashaydi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.