Dunyodagi eng qashshoq prezident

U qanday yashaydi, uning yashash tarzi boshqalardan nima bilan farqlanadi?

Bugungi sharhimiz qahramoni zamonaviy tarixdagi eng qashshoq davlat rahbari Xose Muxika.Zohidlikda yashaydigan vegetarian,Urugvayning sobiq prezidenti butun bir tizimni buzdi. Xose prezident qarorgohiga ko‘chib o‘tishdan bosh tortdi va davlatni boshqargan davrida ham oilaviy fermasida yashashda davom etdi.

O‘z vatanida mehr bilan “El Pepe” laqabi bilan tanilgan Xose Muxika oddiy prezident emas. 2010 yilda u lavozimga kirishgach, qilgan birinchi ishi unga tayinlangan rezidensiyaga ko‘chib o‘tishdan bosh tortdi. Muxika hashamatli villadan ko‘ra otasidan meros qolgan eski fermasini afzal ko‘rdi.

Prezident qanday yashaydi?

Poytaxt bilan uning fermasini kattagina tuproq yo‘l bog‘laydi. Xose, rafiqasi va ikkita iti bilan kichkinagina uyda yashaydi.

Ular yillar davomida gul yetishtirib keladi

Xose bog‘ va yerda ishlashni yaxshi ko‘radi. Prezident bo‘lgunga qadar u rafiqasi bilan birga, yollanma ishchilarsiz sotish uchun turli xil gullarni yetishtirib kelgan. Lyusiya (xotini) turmush o‘rtog‘i 1-raqamli siyosiy yulduzga aylanganda ham sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishda davom etdi.

Kortejmi? Yo‘q, yo‘q, shart emas!

Deklaratsiya qilingan mulk - fermasidan tashqari, El Pepe 1987 yilda ishlab chiqarilgan eski “Volkswagen - “juk” avtomobiliga egalik qiladi. Ushbu avtomobilning narxi 1800 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Muxika prezidentlik maoshining 90 foizini xayriya qilardi

Urugvay prezidentining maoshi qancha ekanini bilasizmi? 12500 ming dollar. Prezidentligining besh yili davomida Xose bu mablag‘ning 90 foizini xayriya ishlariga sarflab kelib, dunyodagi eng kambag‘al (yoki eng saxiy) prezidentga aylandi. Shu tarzda uning oylik daromadi o‘sha paytdagi mamlakatda bo‘lgan o‘rtacha ish haqi  - 775 dollar darajasida qoldi.

"Eng kambag‘al prezident" hech qanday hashamatni xohlamadi

Nega sobiq prezidentning moliyaviy imkoniyatlari bo‘la turib, hech qachon ulardan foydalanmadi? Har doim so‘l radikal qarashlarga ega bo‘lganligi sababli Xose “barrikadalar”da 6 marta yaralangan va umrining 14 yilini qamoqda, asosan bir kishilik kamerada o‘tkazgan. Bunday hayot tajribasi bo‘lajak siyosiy liderning dunyoqarashiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa, ajabmas.

Aslida kim qashshoq?

Sobiq prezident bir bayonotda o‘z falsafasini qisqacha ifodaladi: “Odamlar meni eng qashshoq prezident deb atashadi, lekin men aslo o‘zimni kambag‘al his qilmayman. Aslida faqat dabdabali yashash uchun ishlaydiganlar kambag‘aldir. Ular boriga qoniqmasdan, yanayam ko‘proq narsani xohlashadi... Modomiki, molingiz qanchalik kam bo‘lsa, o‘zingizni rivojlantirish uchun ko‘proq vaqt topiladi”.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.