Dunyodagi  mitti hayvonlar

Tabiiyki, odamlar ba’zi hayvonlarga nisbatan juda kichkinadir. Fil va kitlar yonida biz ahamiyatsiz ko‘rinishimiz aniq gap. Biroq, bizdan ancha kichkina bo‘lgan hayvonlar ham bor. Bugun hayvonot dunyosining eng kichik vakillari bilan tanishamiz. Ularning orasida kishini ajablantiradiganlari ham yo‘q emas.

Eng kichkina ot

“Ginnesning rekordlar kitobi”ga ko‘ra, «Thumbelina» laqabli ot rasmiy ravishda eng kichkina ot hisoblanadi. Uning bo‘yi atigi 44,5 santimetr, og‘irligi esa 26 kilogrammni tashkil qiladi. Hayvon 2001 yilda AQShning Missuri shtatida tug‘ilgan. Rekord egasi unvonini 2006 yilda olgan. Mittivoy Amerika bo‘ylab bolalar bog‘chalari, kasalxonalar va maktablarda doiraviy sayohat qiladi. Haqiqiy yulduz singari uning o‘z yotoqxonasi va o‘z mashinasi bor.

Eng kichik sigir

2014 yilda “Ginnesning rekordlar kitobi” rasmiylari Manik laqabli olti yoshli sigirni dunyodagi eng past bo‘yli sigir deb tan olishdi. Manikning bo‘yi atigi 61,1 santimetr. Dunyodagi eng kichik sigir Hindistonning janubiy shtatidagi Atoll shaharchasida yashaydi. “Ginnesning rekordlar kitobi”da Manik sigirning qaysi zotiga mansubligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, u Vechur zotli sigirga o‘xshashligi aytilgan.

Eng kichkina ayiq

Dunyoda ayiqlarnnig atigi 8 turi mavjud va ularning eng kichkinasi Biruanga malay ayig‘idir. Ular Janubiy Xitoydan sharqiy Hindiston va Indoneziyaga qadar juda katta hududda uchraydi. Erkak malay ayig‘ining o‘rtacha bo‘yi taxminan 1,3 metr, vazni taxminan 70 kilogrammni tashkil qiladi. Boshqa turdagi ayiqlardan farqli o‘laroq, malaylar o‘zining kulgili uzun tili bilan ajralib turadi, uning uzunligi ayiq bo‘yining chorak qismiga teng. Biruanga uyadan asal olish va daraxtlardagi chuqur yoriqlardan hasharotlarni chiqarish uchun uzun tilidan foydalanadi.

Eng kichik akula

Eng kichik akula turlaridan biri – Janubiy Afrikaning iliq qirg‘oq suvlarida yashaydigan mitti tikanli akula. Hayoti davomida bu jonzot 25 santimetrgacha o‘sadi. Kichik jussasiga qaramay, u ko‘pincha o‘z uzunligidan oshib ketadigan kalmar, qisqichbaqasimonlar va umurtqali hayvonlarni ovlaydi. Insonning u bilan uchrashishi juda mushkul, bu akulalar 200 metrdan 1200 metrgacha chuqurlikda yashaydi.

Eng kichkina begemot

Dunyodagi mitti begemot faqat Liberiya, Sera-Lion va Kot-D’ivuar sohillarida yashaydi. Mahalliy aholi ularni nigbve yoki MVE-MVE deb atashadi. Ushbu turdagi begemotning bo‘yi 83, uzunligi 177 santimetrga yetadi, og‘irligi esa 180 kilogrammdan 275 kilogrammgacha tosh bosadi (oddiy begemot turlarining vazni 4500 kilogrammga yetadi). Tabiiy sharoitda pakana begemoti yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. O‘rmonlarning doimiy ravishda kesilishi, yerlarning o‘zlashtirilishi va ushbu joylardagi fuqarolar urushi sodir bo‘lib turishi ularning kamayishiga olib kelmoqda. Hayvonot bog‘larida ularning soni yovvoyi tabiatga qaraganda ancha ko‘p, foydali tomoni asirlikda bu hayvonlar yaxshi ko‘payadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.