Dunyoni yaxshilar obod qiladi

Ayol eri tuhmat bilan qamalgan kunining ertasiga bozorga bordi.  Maqsadi - tishining kavagida turgan 100 dollarni maydalash, ro‘zg‘orning kamini shu pulga to‘ldirish va odamini topib, eriga junpaypoq jo‘natish. Chunki farzandlarining otasida bod kasali bor... 

Uch to‘rt sarrof (dollarpurush)ni oralab, erining do‘sti bo‘lgan bir odamning oldiga bordi: 

- Falonchi aka,  yaxshimisiz?  Erim sizga uchrashimni aytgandilar.  Shu 100 dollarni maydalab bering... 

- O‘rtog‘im yaxshi yigit edi, nima bo‘ldi o‘zi?  Eshitib, xayron qoldik. Siqilmang, tez orada chiqib ketadi, u unaqa bola emas... 

Ayol ajablanganidan savol berdi:

- Siz qachon eshitdingiz?

- Kecha... 

Sarrof pul berdi,  ayol unga ishongani uchun pulni oldi. Sal yurib,  pana joyga o‘tib, sanab ko‘rdi. Keyin eriga atab junpaypog‘-u issiq kiyim-kechak oldi.

Qayoqdanam ro‘parasidan "Dollar, rossiyskiy olamiz!"  degan bittasi chiqa qoldi. Biri aytgan pulning qiyosini eshitib, ishonmadi. Yana boshqasidan so‘radi. Boyagi holatini bilib, taskin bergan sarrof uni naqd 30 ming so‘mga aldaganini angladi... 

O‘ttiz ming so‘m! U hech narsa emas aslida, ammo... Bilib turib ko‘z o‘yish, deb ataladi bunday voqea. 

Uyga kelguncha tayoqdek qotib keldi. Qo‘lidagi junpaypoqqa ko‘z yoshi tomib-tomib yig‘ladi. O‘ttiz ming so‘m uchun emas. Yiqilganning ustiga chiqib, bo‘yini baland ko‘rsatadigan ana shunaqa odamlar borligi uchun! 

Uyining yonida bir magazin bor. Sotuvchisi ilmli yigit. Oxirgi paytlar sezib qoldi:  o‘sha yigit nuqul xarajatlarni noto‘g‘ri hisoblayapti... 

- Shakar necha pul?

- Besh ming, kelinoyi!

- Ikki kilo bering!

- Xo‘p,  yana nima?

- Bodring ikki kilo.

- Ming so‘mdan.

- Nega sizlarda arzon? 

- So‘lib qolyapti-da issiqda... 

- Qatiq? 

- Bir litrligi besh ming. 

- Jami?

- O‘n olti ming so‘m...  Akamga salom aytib qo‘ying. 

Yo‘lda kelguncha o‘ylanib keldi. Yo‘lning u yog‘ida boshqa magazin bor. Erinmasdan kirdi. Shakar u yerda 9 ming so‘m ekan... 

Ayol bu safar ham yig‘ladi. Ertasi kuni kecha o‘n olti ming savdo qilgan do‘koniga bordi. 

- Kecha adashib kam hisoblabsizlar. Men uyda o‘tirib hisobladim, to‘lashga pulim yetarli.  Iltimos, kechagi narsalarni boshqatdan hisoblab bering! 

- Kelinoyi, hammasi yaxshi. Akamni so‘rab qo‘ying!  Nima kerak bo‘lsa, chiqavering. 

Ayol tushundi.  Dardini aytmasa ham biladigan odamlar bor ekan.  Taskin bermasa ham qo‘llaydiganlar... 

Mana, nima uchun dunyoni yaxshilar obod qiladi deymiz!