DXX Afg‘onistonda qolayotgan bolalarni yaqinlari bag‘riga qaytardi

Hayot insonga bir marta beriladi. Unda to‘g‘ri yo‘ldan adashmaslik har bir insonning o‘z qo‘lida. Afsuski, yot g‘oyalar ta’siriga tushib, noto‘g‘rini haq, deya qabul qiladiganlar ham yo‘q emas.

Ana shundaylardan biri 1982 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan Farhod Hamroqulov edi. Dastlab u ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketadi. Keyinroq turmush o‘rtog‘i 1984 yilda tug‘ilgan Ra’no Hamroqulova va 3 nafar farzandi - 2003 yilda tug‘ilgan Bibioysha, 2005 yilda tug‘ilgan Sherzodbek hamda 2009 yilda tug‘ilgan Osiyoxonlarni o‘z oldiga chaqirib oladi. Ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan Farhod Hamroqulov 2013 yil oilasini olib, Ozarboyjon va Eron orqali Pokiston davlatiga boradi. U yerda ular “Turkiston islom harakati“ xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shilib, bir necha yillar mobaynida sarson sargardonlikda hayot kechirishadi.

Oxir oqibat 2012 yilning avgust oyida Farhod Hamroqulov Pokiston hukumati qo‘shinlarining terrorchilarga qarshi o‘tkazgan harbiy amaliyoti natijasida halok bo‘ladi. Uning o‘limidan so‘ng 3 nafar farzandi bilan beva qolgan Ra’no Hamroqulova 2013 yil “Turkiston islom harakati“ terroristik tashkilotining boshqa bir a’zosi bilan shar’iy nikoh quradi.

2014 yilning kuzlarida esa ular Afg‘onistonga ko‘chib o‘tishadi va qizi Rayyona tug‘iladi. Ammo, 2018 yil Ra’no Hamroqulova sargardonlikda orttirgan og‘ir xastalikdan vafot etadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlar bilan olib borgan sa’y-harakati tufayli 2018 yilning avgust oyida ota-onasiz qolgan bolalarning 2 nafari - Osiyoxon va Rayyonalar O‘zbekistonga olib kelinib, bobosi va buvisi qaramog‘iga topshiriladi.

Joriy yilning may oyida Ra’no Hamroqulovaning Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi onasi Kimyoxon Jakbarovaning qolgan ikki nafar nabirasini yurtimizga qaytarish borasida yordam so‘rab Davlat xavfsizlik xizmatiga qilgan murojaatiga asosan, kuni kecha Bibioysha va Sherzodbeklar ham yaqin qarindoshlari bag‘riga qaytarildi.

Endi bu bolalar mamlakatimizda yashayotgan tengqurlari qatori zamonaviy maktablarda ta’lim olib, kelajakda vatan koriga yaraydigan shaxslar bo‘lib ulg‘ayadilar, deb yozadi O‘zA.