DXX kubogi: Maydonda ishtixonlik va kattaqo‘rg‘onlik yoshlar

Bugun Samarqand shahridagi “Dinamo” o‘yingohida futbol bo‘yicha mahalla yoshlari o‘rtasida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining viloyat final bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Final bahsida amaldagi chempion - Ishtixon tumanining Qoraqishloq mahallasi jamoasi Kattaqo‘rg‘on tumanining Valijon mahallasi yoshlariga qarshi maydonga tushadi.

Ishtixonlik yoshlar kubokning o‘tgan yilgi final uchrashuvida Qo‘shrabot tumanining Shovona mahallasi jamoasini penaltilar seriyasida 7:6 hisobida mag‘lub etib, DXX kubogi viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgandi. Shuningdek, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritgan.

– 2021 yildan buyon “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etib kelinayotgan DXX kubogi musobaqalariga yoshlarning qiziqishi va ishtirokchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda, - deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov. – Xususan, joriy mavsumda viloyatimizning 16 ta tuman va shaharidan 2190 ta futbol va mini-futbol jamoalari ishtirok etib, 75 ming 544 nafar yoshlar qamrab olindi. Natijalarga ko‘ra, mini-futbol  bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Urgut tumanining Yangi hayot mahallasi yoshlari, qizlar o‘rtasida Jomboy tumanining “Nafis” jamoasi viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bugun esa respublika bosqichida futbol bo‘yicha viloyatimiz sharafini himoya qiladigan yana bir jamoa aniqlanadi.

Qoraqishloq va Valijon mahallalari yoshlari o‘rtasidagi bahs bugun, soat 19:00 da boshlanadi.