DXX viloyat boshqarmasi rahbari yoshlarning takliflarini qo‘llab-quvvatladi
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov yoshlar muammolarni hal etish va takliflarini eshitish maqsadida tumanlarda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ni o‘tkazmoqda. Ana shunday uchrashuvning galdagisi Paxtachi va Narpay tumanlarida o‘tkazildi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i va tuman hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yoshlar sport maydonchalari qurish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, IT sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash masalalarida yordam so‘radi.
Jumladan, Paxtachi tumani Xudoyberdi mahallasida yashovchi Adham Shodmonov mahallada tashkil qilgan avtomobil ta’mirlash ustaxonasini rivojlantirish bo‘yicha murojaat qildi va uning ustaxonasiga DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan kerakli asbob-uskunalar yetkazib beriladigan bo‘ldi.
Tumanning Sardoba mahallasida istiqomat qiluvchi Barot Tojiyev tengdoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kibersportni rivojlantirish va kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida kompyuter jamlanmalari so‘radi. Uning takliflari qo‘llab-quvvatlanib, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan amaliy ko‘mak berilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda narpaylik yoshlar yetakchilari tomonidan murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Jumladan, Umid mahallasi yoshlar yetakchisi Bekmurod Nurmurodov tumanda kurash sport maktabi qurishda yordam so‘rab qilgan murojaati atroflicha o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi. Shuningdek, Muqimiy mahallasi yoshlar yetakchisi O‘tkir Avazovning tuman markazidagi bo‘sh turgan binoni yoshlar markaziga aylantirish bo‘yicha murojaati yuzasidan tuman mutasaddilariga ko‘rsatma berildi.
Uchrashuvlarda ikkala tuman yoshlarini qiynab kelayotgan o‘nlab muammolarga yechim topildi. Tashabbus va g‘oyalari ma’qullanib, muddat talab qiladigan muammolar mutasaddilar zimmasiga yuklandi.
Uchrashuv so‘ngida yoshlarga mutasaddilar tomonidan kitoblar jamlanmasi tarqatildi.