“E-qaror” elektron tizimining afzalligi nimada?

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlarini qabul qilish (chiqarish) muddatlari qisqarganligi, ularni ishlab chiqishda inson omili va aralashuvi kamayganligi, shuningdek, qarorlar va farmoyishlar bilan aholi doimiy ravishda tanishish hamda hududiy adliya organlari ularni monitoring etib borish imkoniyati yaratilganligi sababli 2021 yil 1 iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi joriy etildi.

Bugungi kunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali jami 291 003 ta hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 167 266 ta hokim qarori, 65 883 ta hokim farmoyishi hamda 57 854 ta Kengash qarorlari qabul qilingan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida “E-qaror” elektron tizimi joriy etilishining bir qancha afzalliklari bor.

Birinchidan, qonuniylik va qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda, qabul qilingan hokim qarorlarini noqonuniy o‘zgartirib qo‘yish yoki qalbakilashtirish imkoniyati barham berildi, hokim qaror loyihasini ishlab chiqishdan boshlab qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar adliya organlari tomonidan monitoring qilib borish imkoniyati yaratildi.

Ikkinchidan, hokimlar faoliyatida shaffoflik kuchaytirildi, “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilingan har bir qarorga “e-qaror.gov.uz” saytida takrorlanmaydigan maxsus raqam beriladi va avtomatik tarzda e’lon qilinadi.

Uchinchidan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalar joriy etildi, hokimlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni kelishi, ro‘yxatga olish va ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish jarayonlari elektron tarzda amalga oshirilishi mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, fuqarolarning jamoatchilik nazoratidagi o‘rni va roli oshadi, fuqarolarning mahalliy norma ijodkorligi jarayonida faol ishtiroki ta’minlanadi, xokimliklar tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol qilinishiga chek qo‘yiladi, hokimlik tomonidan korrupsiya boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan qoidalar va normalar o‘rnatilishining oldi olinadi.

Elbek Olimov,
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi.