Ehtiyojmand aholi vakillari va nogironligi bor shaxslar spektakllarga bepul kiritiladi
“Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, aholi, ayniqsa, yoshlarning teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi «Teatr — ibratxonadir» dasturi amalga oshiriladi.
Bunda «Mahalla yettiligi» a’zolari bilan birgalikda har oyda mahallalarda «Teatr kuni» tadbirlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kiritiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy va Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etiladi
Qarorga ko‘ra, dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi hamda yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etiladi. Mukofotlar bo‘yicha tanlovlar har ikki yilda o‘tkazilib, ularning g‘oliblari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
"Rejissyor – dramaturg – kompozitor – rassom" tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 2025 yildan har yili avgust oyida “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshiriladi. Milliy akademik musiqa san’atini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida har 2 yilda milliy kompozitorlar tanlovi o‘tkazib boriladi.
Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik teatri huzurida Teatr rejissyorlari akademiyasi tashkil etiladi. Jahon dramaturgiyasi namunalaridan tarjima qilingan asarlar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi tarjima sahna asarlari” tanlovi joriy etiladi.
2025 yildan:
- har 2 yilda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha “Eng yaxshi pesalar” tanlovi tashkil etiladi;
- O‘zbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi.