Ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berishda yangicha yondashuv

Paxtachi tumanida 2 ming 766 kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tumandagi 3 ta tijorat bank filiallari tomonidan “Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha 20 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishi rejalashtirilgan. Shu paytga qadar 8 milliard 357 million so‘m miqdorida kreditlar rasmiylashtirildi.
Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 122 oilaga 427,6 million so‘m miqdorida subsidiyalar berildi.
Shuningdek, tumanda 3 ta ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilib, kambag‘al deb topilgan 111 oilaga 26 gektardan ziyod yer bo‘lib berildi.
«Tinchlik»da tikuvchilar tovuq ham boqadi
Tumanning «Tinchlik» mahallasidagi bir oilaning 4 nafar a’zosi ishsiz edi. Ular yaqinda imtiyozli kredit evaziga 100 bosh tovuq va 2 ta tikuv mashinasi xarid qilishdi. Endi bu xonadonda qo‘lidan ish keladigan odam borki, bekorchi emas.
- Mahallamizda 425 xonadon mavjud, - deydi mahalla raisi Nazira Ahmedova. – Ular orasidan 45 tasi kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, 25 oilaga 2 ming 500 dan ziyod tovuq, 9 xonadonga esa 15 ta tikuv mashinasi imtiyozli kredit asosida olib berildi. Shu yilning oxirigacha mahallamizda kambag‘al oila qolmaydi, deb umid qilamiz.
Mahalla faollari shu qishloqdagi yana bir xonadonga 200 bosh tovuq olishga ko‘maklashdi.
- 10 million 200 ming so‘m miqdorida 3 yillik imtiyozli kredit evaziga keltirilgan bu tovuqlar yana uch-to‘rt kundan so‘ng 200 taga yaqin tuxum bera boshlaydi, - deydi xonadon kelini Mahliyo Xayrullayeva. – Bu, albatta, ro‘zg‘orimiz uchun katta yordam. Hech qayerda ishlamasdim, mana ishli ham bo‘ldim. Ta’minotchilar bu tovuqlarni qanday parvarishlashni o‘rgatib, kerakli ozuqalarini yetkazib bermoqda.
Ahamiyatlisi, odamlar kredit rasmiylashtirish uchun tuman markaziga borib, sarson bo‘lgani yo‘q. Bank xodimlari mahallaga kelib kreditlarni rasmiylashtirmoqda. Tikuv mashinasi bo‘ladimi, tovuq yoki uning ozuqasimi ta’minotchilar tomonidan xonadonlarga yetkazib berilmoqda.
- Bankimizga tumandagi 18 mahalla biriktirilgan, - deydi Xalq banki tuman filiali bosh mutaxassisi Aziz Bozorov. – Shu yil ushbu mahallalardagi oilalarga bankimiz tomonidan “Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha 3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu paytga qadar 2 milliard 300 million so‘mlik kredit rasmiylashtirildi.
Yer egasini topdi
Tumandagi Sardoba mahallasi hududida qariyb 12 gektarlik maydonda suvsizlikdan qurib borayotgan bog‘ bor edi. Bu bog‘ning 5 sotix joyida sanoqligina o‘rik va yong‘oq daraxtlari qolgan bo‘lib, boshqalari allaqachon o‘tin bo‘lib yonib kul bo‘lgan. Ko‘p yillar chim bosib yotgan joydan suv muammosi bahona hech kim unumli foydalanmadi. Bu yer maydoni yaqinda egasini topdi. O‘tgan oy tashkil etilgan “Azizbek Abbos agrotomorqa” ishlab chiqarish kooperativiga berilgan yer bugun chimlardan tozalanib, ekin maydoniga aylantirilmoqda. Suv muammosi ham bartaraf etilgan.
- Prezidentimiz qaroriga asosan aholini kambag‘allikdan chiqarishga hissa qo‘shish maqsadida kooperativ tashkil qildik, - deydi tadbirkor G‘olib Safarov. – Buning uchun bizga 11 gektar 76 sotix yer maydoni ajratildi. Yerning 10 gektarini kam ta’minlangan 50 oilaga bo‘lib berdik. Hozir meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish uchun suv chiqarib, yerni ekishga tayyorlash ishlarini boshlab yubordik. Loyihani amalga oshirish uchun o‘z hisobimdan 400 million so‘m va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hisobidan 111 million 500 ming so‘m miqdorida subsidiya mablag‘i yo‘naltirildi.
- Maktabni bitirganimdan beri ishsiz edim, - deydi shu mahallada yashovchi Qosim Fayzullayev. – Yashash joyimizdan uzoq bo‘lmagan hududda kooperativ tashkil qilinib, menga ham 20 sotix yer berildi. Endi oilamiz bilan shu yerda mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratishimiz mumkin. Bizga ajratilgan yer maydoniga sabzi ekyapmiz. Keyin to‘qsonbosti ekinlar ekamiz. Xullas, bir yil ichida 30 million so‘m daromad qilishni niyat qilib turibmiz.