Ehtiyot bo‘ling, plastik kartochka va naqd pul o‘zida virusni saqlar ekan!
Bugun AOKA shtabida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
"Aytishlaricha, plastik kartochka va naqd pul o‘zida virusni saqlar ekan. Supermarketlarda kassa oldiga ikkita odam qo‘yib, bittasi pul va plastik kartochkalarni qabul qilsa, ikkinchisi (qo‘lini tez-tez dezinfeksiya qilib turgan holda) xarid qilingan narsalarimizni kassadan o‘tkazib tursa bo‘lmaydimi?" degan murojaatchilarning ushbu savoliga quyidagicha javob berildi.
– Haqiqatdan ham naqd pullarda koronavirus qo‘zg‘atuvchisi uzoq muddat saqlanib qolishi haqida ma’lumotlar bor. Shu munosabat bilan bank tizimida naqd pullarni zararsizlantirish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinmoqda.
Naqd pul tarqatish paytida kamida 10 kun saqlangan pullarni muomalaga chiqarishayapti. Yangi plastik kartochkalarni berishda ham shunday tizim mavjud. Nafaqadagi odamlarga nafaqa pullari maxsus paketlarda tarqatilmoqda. Naqd pul va plastik kartalar bilan ishlaydigan mutaxassislar doka niqoblarda, bir marotabalik qo‘lqoplarda faoliyat olib borishmoqda.
Hozirgi vaqtda faoliyat yuritayotgan katta savdo majmualari va dehqon bozorlariga kiraverishda xaridorlarni termometriyadan o‘tkazish, qo‘llarini dezinfeksiya qilish, niqob taqish ustidan muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, kassalardagi sotuvchilarning qo‘lqoplari (perchatka)larda ishlashi, ularni doimo dezinfeksiya qilishlari joriy etilgan.
Biz barcha shu kabi holatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va bu haqda tadbirkorlarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olingan, - deb javob berdi Nurmat Otabekov.