Ekilgani emas, ko‘kargani muhim

Aslida inson ham tabiatning bir bo‘lagi. Asrlar davomidagi rivojlanish, fan-texnika inqilobi, insoniyat va tabiat o‘rtasida muvozanatning buzulishi sababli ekologik muammolar global darajaga yetdi.
Ekilgan daraxtlar va o‘rmonlar butun borliqni musaffo havo bilan ta’minlovchi asosiy manba, tom ma’noda tabiatning o‘pkasidir.
Shu bois bugun ona-tabiatning yashil tayanchi bo‘lgan daraxtlarni asrab-avaylash, muxofaza qilish, ko‘paytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda.
Ayni paytda davom etayotgan loyihada har bir tashkilot, har bir fuqaroning o‘z o‘rni bo‘lishi kerak. Bu orqali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 2 noyabridan 10 dekabrga qadar mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yurtimizda yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangandi. Loyiha doirasida Samarqand viloyatida 16 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilib, hozirda mazkur yumush barcha hududlarda uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, bugun shaharlarimizda qurilish ko‘lami har qachongidan kengaygan, yangi-yangi ko‘p qavatli uylar bunyod etilmoqda. Bu jarayonda ham yangi ob’yektlar atrofida yashil maydonlar barpo etish, har bir muassasa hovlisi, mahalla markazlari, yo‘l va dala chetlarida daraxtlar ekish loyihalarga kiritilmoqda.
Shu paytgacha ham yurtimizda daraxt ekish, bog‘ yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Lekin endilikda ekiladigan har bir nihol va ko‘chatning sug‘orishi tizimi va parvarishi ham e’tiborda bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ekilgan har bir ko‘chatning hisobi yuritiladi.
Bugun “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishga davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari bilan birga mahalliy kengashlar deputatlari ham faol ishtirok etmoqda.
Biz kelajak uchun javobgarmiz!
Shavkat JALOLOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.