Ekologiya uchun 20 ming tup ko‘chat
Urgut tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Urgut tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir qatnashchilari tumandagi “Anora Asadbek mevali bog‘i” fermer xo‘jaligining 2 gektar yer maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
Mas’ullarning qayd etishicha, bu yerda turli xildagi 20 ming tup ko‘chat ekiladi. Mevali daraxt ko‘chatlari o‘sib, hosilga kirguniga qadar qator oralarida sabzavot mahsulotlari yetishtirish ko‘zda tutilgan.
– “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ushbu tadbir partiyamizning muhim tashabbuslaridan biri bo‘lib, ekologiyani yaxshilash va havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashidagi Ekologik partiya deputatlik guruhi a’zosi Feruza Xonkeldiyeva. – Bu orqali biz barcha yurtdoshlarimizni, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarini tabiatga e’tiborli bo‘lishga va atrof muhitni asrashga da’vat etamiz. Umuman, partiyamiz viloyatimizda kuzgi mavsumda 6 million 125 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va ularni parvarishlashni tashkil etishda faol ishtirok etish bilan birga jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni maqsad qilgan.
Tadbir doirasida fermer xo‘jaligida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yarmarkasi ham tashkil etildi.