“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti birinchi o‘qituvchisiga Vena shahridan gullar yubordi
Aziz Ortiqov Urgut tumanidagi 93-umumta’lim maktabida boshlang‘ich ta’lim olgan. O‘rta ta’limni Samarqand shahridagi 45-umumta’lim maktabida tamomlab, 2017-2021 yillarda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida tahsil olgan.
Azizbek 2023 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2-tanlovida g‘olib bo‘ldi. Ayni paytda u Avstriyaning Vena shahrida davlat va jamiyat boshqaruvi, biznesni boshqarish yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Urgut tumanidagi 93-umumta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari bilan Azizbek Ortiqovning onlayn muloqoti tashkil etildi. Muloqotda Azizbek mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etib, o‘quvchilarni o‘z ustida tinmay ishlashlariga da’vat etdi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati to‘g‘risida tushuncha berdi.
Tadbirda Azizbek erishgan barcha yutuqlarida o‘qituvchilarining hissalari beqiyos ekanligini ta’kidlab, birinchi o‘qituvchisi Maqsuda Xushvaqtova hamda boshqa ustozlari va onasiga gullar yubordi. Shuningdek, maktab kutubxonasiga 30 ta turli badiiy va til o‘rganish bo‘yicha kitoblar jamlanmasi sovg‘a qildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.