Elektr energiyasi hisobining avtomatlashtirilgan tizimi - ASKUEga ulanishning afzalligi nimada?
Prezidentimizning 2017 yil 13 noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, aholi hamda ulgurji iste’molchilarning elektr energiya iste’molini nazorat qilish, hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, joriy etilayotgan yangi tizim quyidagi afzalliklarga ega:
Hisoblagich o‘rnatilgach, ASKUEga ulanadi, kod kiritilib, hisob-raqam ochiladi. Iste’molchilarga SMS xabar orqali barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanish to‘lovni uydan chiqmay “on-line” rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Muhimi, “shaxsiy kabinet” orqali har bir iste’molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bois endi iste’molchi elektr ta’minoti korxonasi yoki bankda navbat kutmaydi. Yangi tizimga ulangach, iste’molchi elektr hisoblagich ko‘rsatkichini suratga olib, nimanidir isbotlashiga hojat qolmaydi. Bundan tashqari, “Hisoblagichingiz ko‘rsatkichini yozib olay”, deb ham hech kim bezovta qilmaydi.
Yangi tizimda hisoblagichdagi ma’lumotlarni kompyuter nazorat qiladi. Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari uyma-uy yurishga ketadigan vaqtini iste’molchilarda yuzaga keladigan texnik buzilish, qisqa tutashuv va boshqa holatlarni bartaraf etishga sarflaydi.
Yangi tizim iste’mol qilingan elektr energiyasi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishda inson omili ta’sirini kamaytirish barobarida sansalorlikka chek qo‘yadi.
Yangi avlod hisoblagichlari 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi.
Yetkazib beruvchi nuqtai nazaridan yangi «aqlli» hisoblagichning yana bir xususiyati shundaki, ma’lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya’ni hisoblagichga ta’sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa, hisoblagich darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Iste’molchi yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovni vaqtida amalga oshirmagan taqdirda masofadan o‘chish xususiyatiga ega.