Elektr simidan xavfli holatda foydalangan qurilish korxonasi ma’muriy javobgarlikka tortiladi
Kecha, 6 iyun kuni telegram kanalimizda "Zarafshon.bot’ga murojaat: Qurilish tashkiloti elektr simlarini xavfli holatda qoldirmoqda" sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi.
Mazkur murojaat ijrosi yuzasidan viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi javob yo‘lladi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
"Samarqand shahar «Obod maskan» mahalla fuqarolar yig‘inida qurilayotgan ko‘p qavatli imorat shahardagi «Ulug‘ siymo qurilish» MChJ tomonidan bunyod etilyapti.
Murojaatda keltirilgan elektr energiyasidan xavfsizlik talablari darajasida foydalanmaganlik holati haqiqatda mavjudligi aniqlandi. Mazkur muammo tezda bartaraf etilishi ta’minlandi. Qurilish tashkiloti mas’ullariga esa texnika xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli inspeksiya tomonidan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, mazkur ob’yektda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishi yuzasidan mas’ullarga avval ham bir necha marotaba bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.